Bugun mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi sohasida intensiv usulda meva-sabzavot yetishtirish, bog‘lar barpo etish ommalashmoqda. Sababi, bunday usulda mahsulot yetishtirish oddiy usulda yetishtirgandan ko‘ra, bir necha marotaba tejamkor va samaralidir. Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida intensiv texnologiyalarga asoslangan bog‘ barpo etish uchun “Grapes and Gardens Investment” AJ ga 2020-yilda 151 gektar yer maydoni ajratib berilgandi. Ushbu maydonlarning 100 gektariga intensiv usulda 11 turdagi o‘rik, 50 gektariga 3 xil navdagi gilos ko‘chatlari ekildi. Tajriba tariqasida barpo etilgan ushbu bog‘dagi daraxtlar bugun g‘arq meva solgan.
Ushbu intensiv usuldagi ko‘chatlarni ekish va parvarish qilishda turk texnologiyalari va mutaxassislarining hissasi katta. Bog‘ni barpo etishda boshlangan ikki davlat bog‘bonlarining hamkorligi hanuzgacha davom etmoqda.
Intensiv usulda bog‘ barpo etishning afzalligi shundaki, bu bog‘da bir gektar maydonga 4×2 sxemada ko‘chatlar joylashtirilmoqda. Bunda bir gektar maydonga 1 250 tup ko‘chatni ekish imkoniyati bo‘ladi. Ushbu usul odatdagi bog‘larga, qaraganda intensive bog‘larda 10 barobar ko‘proq ko‘chat joylashishini anglatadi. Bu esa, hosildorlikning ham shunga yarasha mo‘l bo‘lishini anglatadi. Shuningdek, yana bir afzalligi, bu yerda bog‘dagi daraxtlarni tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bunday sug‘orish usuli orqali mineral o‘g‘itlarni o‘simliklarning ildizlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri, oson va tejamkor tarzda yuborishga erishiladi. O‘simliklar uchun mo‘ljallangan vitaminlar esa suspenziya usulida daraxtlarga sepiladi.
Bugungi kunda jamiyatda 40 ga yaqin ishchi xodimlar faoliyat olib borishmoqda.
Lavhani tayyorlash jarayonida bog‘dagi beton ustunlar eʼtiborimizni tortdi. Ushbu ustunlarga har bir ko‘chatning hosili bor va asosiy shoxlari bog‘lab chiqiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad mevalarni sifatli va shikastlarsiz yetiltirish, zararkununda va hashoratlardan himoya qilishdir.
Intensiv bog‘dagi ko‘chatlarning yana bir afzalligi shundaki, ularni yilning bahor, yoz, kuz fasllarida ekish mumkin.
Shuningdek, har bir qarich yerdan unumli foydalanish maqsadida, mazkur intensiv bog‘ning chetlariga meva, sabzavot va poliz ekinlari ekilgan. Jumladan, qulupnay ekilib, undan yuqori hosil olishga erishilmoqda. Shu bilan birga, qator oralariga soya ekini ekilib, undan 40-50 sentnerdan hosil olinmoqda.
“Grapes and Gardens Investment” AJ ga tegishli ushbu intensiv bog‘da hali kelgisuda qilinadigan ishlar ko‘p. Maqsad esa, oziq-ovqat xavfsizligiga rioya etib, qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish va o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashdir.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: