O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qadim Buxoroda “22-aprel – Xalqaro yer kuni”ga bag’ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi vazirlik masul xodimlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan tashrif buyurgan klasterlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi faxriylari, mahalliy tadbirkorlar va fermerlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Ma’lumki, qadim Buxoroga kelgan kishi muqaddas zaminda qo‘nim topgan yetti buyuk avliyo – pirlar qabrini ziyorat qilmasdan ketmaydi.
Shu bois tadbir munosabati bilan Buxoroga tashrif buyurgan mehmonlar Xoja Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohida ham bo‘lib u yerda qo‘nim topganlarning haqqiga quron tilovat qilindi.
Shundan so‘ng Buxoro tumanidagi “Buxoro Varnet” zamonaviy issiqxona majmuasida tashkil etilgan tadbirda spikerlar ishtirokchilarga so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida sohada erishilgan yutuqlar, yangiliklar va o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish borasida jalb etilayotgan zamonaviy innovatsion loyihalar, klasterlar va fermer xo‘jaliklari faoliyatida erishayotgan yutuqlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, tizimning iqtisodiyotimizdagi “drayver” o‘sishini barqarorlashtirish, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan mehnatkashlarga yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarning, qonuniy huquqlari mustahkam kafolatlanishi yangi tahrirdagi konstitutsiyamizda o‘z aksini topmoqda.
Masturaxon Sayfitdinova Farg‘ona viloyatidagi “Quva anori” agrofirmasi rahbari:
– 45 yildan buyon qishloq xo‘jaligining anorchilik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib boraman. Bog‘dorchilik va anorchilikka e’tibor kamayib borayotgan edi. Prezidentimiz 2017-yil Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida anorchilikni rivojlantirish hamda ko‘paytirish borasida g‘oya bergan edi. Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda buning ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona-Quva yo‘nalishidagi qarovsiz yotgan yo‘l yoqasidan 300 gektar yer maydoni ajratildi. Prezidentimiz 2018-yilda anorchilik agrofirmamizga tashrif buyurib, “Tepa xudodan, past bandadan. Yerga mehr berib aql bilan ishlasa, albatta natijasini ko‘radi” degan edi. Mana hozirgi kunga kelib 600 nafardan ziyod aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. Avvallari 40-50 sotix yer maydonida bog‘ tashkil qilish uchun qaror chiqarish odamlar uchun armon edi. 2020-yil noyabr oyidan boshlab Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani eng chekka cho‘l hududidan 5 ming gektardan ziyod qarovsiz yer ajratilib, yangi anorzorlar tashkil qilindi. Ushbu anorzorlar tashkil etilishi natijasida “Yoshlar”, “Ayollar” va “Temir” daftarda turgan aholining 3 mingdan ziyodrog‘i doimiy ish bilan ta’minlandi. Mana hozirgi kunga kelib birgina Surxondaryo viloyatining o‘zida 8 ming gektarga yaqin anorzorlar tashkil etilgan.
Jasur Raupov Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Agricultural Eksports Development” korxonasi ta’sischisi:
– Xorijiy tillarni yaxshi bilishim hamda chet elliklar bilan biznes muzokaralar o‘tkazish ko‘nikmalarim mavjudligi sababli 2014-yilda Respublikamizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga eksport qilishni maqsad qilib birinchi korxonamni tashkil qildim. 2022-yilning o‘zida viloyatimizning ikkita tumanida yangi ishlab chiqarish loyihalarini tashkil etib, 120 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Birgina Qorovulbozor tumanidagi korxonamiz tomonidan 1,5 million AQSh dollarlik mosh mahsulotlari Xitoyga eksport qilindi. Shuningdek, viloyatda birinchilardan bo‘lib, 3 dona jami 180 gektar maydonda Bauer kompaniyasining keng qamrovli suv tejamkor yomg‘irlatib sug‘orish mashinalari o‘rnatilib, ishga tushirildi va bu qadam hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida berilayotgan katta e’tiborning misoli bo‘la oladi. Aytmoqchimanki, bu erishilgan natijalarim, davlatimizni menga o‘xshagan tadbirkorlarga qonunlar bilan mustahkamlab, yaratib bergan imkoniyat va shart-sharoitlari mahsuli hisoblanadi.
Maqsuda Abdullaeva Xorazm viloyatidagi “TOMARIS NUR CHORVA” fermer xo‘jaligi rahbari:
– Tadbirkorlik faoliyatimni O‘zbekiston Respublikasi Mustakillikka erishgan ilk yillaridan boshlaganman. Yillar o‘tib yanada katta daromadli faoliyat bilan shug‘ullanish uchun izlanishlar qildim. 2016-yil kredit evaziga bo‘lsa ham ko‘zimni chirt yumib, yangi ishga qo‘l urdim. Boshida xavotir bo‘lgani rost. Axir o‘zi bo‘ladimi? Umrida chorvachilik sohasi nimaligini bilmagan odamning chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil etib qora mol boqishi boshqalarga ham erish tuyulsa-da, Germaniya davlatidan olib kelingan 200 ga yaqin naslli qora mollarimiz, bugungi kunga kelib 1000 tadan oshdi. Hozirda ularni parvarishlab, ko‘paytirib, aholiga sut va go‘sht yetishtirib bermoqdamiz. Shuningdek, sutni qayta ishlash zavodini ham yo‘lga qo‘ydik.
Shuni ta’kidlash kerakki, ona zaminga mehr berib, sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirayotgan, buning orqasidan hayotda ko‘plab yutuqlarga erishayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz soni kun sayin oshib bormoqda. Bu esa yurtimizda agrar sohaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bilan bog‘liq. Tadbir davomida soha zaxmatkashlari uchun taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan inson qadri, Ona Vatan, tinchlik, muhabbat hamda yoshlikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar, dilrabo raqslar ishtirokchilarda kata taassurot qoldirdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: