Qishloq xo‘jaligi vazirining Farg‘ona vodiysiga ishchi tashrifi doirasida asalarichilik korxonalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda sohadagi ishlarning borishi va rivojlanish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Aziz Voitov Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi Asalarichilik markaziga tashrif buyurib, dastlab markaz faoliyati bilan tanishdi. Shu yerda asalarichilik xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashdi.
Bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan asalarichilik subyektlari soni 21 mingtani tashkil etadi. Ular tomonidan 200 ming donadan ortiq asalari paketlari Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport qilindi. Joriy yilda asalarichilikda 9 mlrd so‘mlik 26 ta loyihalar ishga tushirildi. Joriy yilning o‘tgan davrida respublikada asalari oilalari soni 130 ming donaga ko‘payib, 1 mln 180 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112 foizga oshdi.
Bu ko‘rsatkichlar sohaga berilayotgan e’tibor va bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun imkoniyatlarga dalolat qiladi.
Ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda, Farg‘ona vodiysida ham asalarichilik jadal rivojlanmoqda. Xususan, asalarichilik subyektlari soni Namanganda 3 360 tani, Farg‘onada 2 520 ta va Andijon viloyatida 2 780 tani tashkil qilmoqda. Asalarilar oilalari soni viloyatlar kesimida quyidagicha: Namanganda – 220 mingta, Farg‘onada – 114 mingta va Andijonda – 90 mingta.
Bugungi kunda dala chetlaridan unumli foydalanishga alohida e’tibor berilmoqda. Respublika asalarichilari ham bu ishdan chetda qolganlari yo‘q. Respublika bo‘yicha 34 mingdan ziyod fermer xo‘jaliklarining dala chetlariga 373 ming quti asalari uyalari keltirilib, asalari parvarishlash tashkil etildi. Vodiyda ushbu ko‘rsatkich quyidagicha ko‘rinish olgan: Namanganda – 71 ming quti, Farg‘onada – 44 ming quti va Andijonda – 11 ming quti asalari uyalari keltirilib, asalari parvarishlash tashkil etildi.
Uchrashuvda sohada amalga oshiriladigan ishlar rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Chunonchi, Namangan tajribasi asosida respublikaning barcha hududlarda “Asalarichilik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Bunda, kooperatsiya asosida xonadonlarni asalarichilikka ixtisoslashtirish, asalari oilalarini yetishtirish, sanoat zonasida asal sotish do‘konlarini ochishga alohida e’tibor beriladi. Shuningdek, asal mahsulotini qayta ishlash, qadoqlash, asalarichilik asbob-anjomlari va jihozlarni ishlab chiqarish korxonalari tashkil qilinadi, mahalliy sharoitda ona asalarilari yetishtiriladi. “Ustoz-shogird” ishlari asosida mahalladagi yoshlarni asalarichilik faoliyatiga jalb etilib, asalari oilalarini infeksion, invazion va yuqumsiz kasalliklarga chalinishini oldini olish bo‘yicha veterinariya xizmatlari tashkil qilinadi.
Asalarichilik sohasida 2023–2025 yillarda asalni yetishtirish, qayta ishlash va qadoqlash hamda asalarichilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, mazkur loyihalarni moliyalashtirish uchun Jahon bankidan jalb qilinadigan hamda Fransiya taraqqiyot agentligidan jalb qilingan kredit mablag‘laridan 20 mln AQSh dollari yo‘naltiriladi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston asalarichiligi, jumladan Farg‘ona vodiysida mazkur sohaning bugungi holati va istiqbolda belgilangan rejalarni yuqori baholab, bu soha mamlakat qishloq xo‘jaligining ilg‘or yo‘nalishlaridan biriga aylanishiga umid bildirdilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: