Qishloq xo‘jaligi vazirligida Vengriyaning “KITE GROUP” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekistonda keng qamrovli tashrif bilan bo‘lgan Vengriyaning “KITE GROUP” kompaniyasi bosh direktori Levente Szabo boshchiligidagi ushbu kompaniya delegatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida ham bo‘lib, vazirlik mutasaddilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoniga rahbarlik qilgan Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov mehmonlarni mamlakat qishloq xo‘jaligining bugungi holati bilan tanishtirdi va ayni paytda Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, qulay sarmoyaviy muhit yaratilayotgani yirik xorijiy korxonalar bilan ishlashda yangi istiqbollar ochayotganini ta’kidladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, qulay geografik joylashuv, Markaziy Osiyodagi eng ko‘p sonli aholi, malakali ishchi kuchi, boy tabiiy resurslar va o‘sib borayotgan iqtisodiy faollik O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi asosiy qiyosiy ustunliklari hisoblanadi.
Vengriyalik mehmonlar O‘zbekistonning bu boradagi salohiyatini yuqori baholab, mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasiga, xususan, chorvachilik sohasidagi hamkorlikka katta qiziqish bildirdi.
Jumladan, “KITE GROUP” chorvachilik yo‘nalishida omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishlab chiqqan bo‘lib, uchrashuvda u atroflicha muhokama etildi. Tomonlar, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining salohiyati, mamlakatda yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifatini hisobga olgan holda, bu sohadagi hamkorlik jahon bozori uchun raqobatbardosh va sifatli mahsulot ishlab chiqarish imkonini yaratishini e’tirof etdilar.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini, oziq-ovqat tizimini barqaror rivojlantirish borasidagi yangi loyihalarni amalga oshirish borasida ham fikr almashildi.
Tashrif davomida “KITE GROUP” delegatsiyasi Agroxizmatlar milliy markazida bo‘ldi, Toshkent va Jizzax viloyatidagi bir qator qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, vengriyalik mutaxassislar yirik oziq-ovqat do‘konlari tarmoqlari hamda bozorlarni o‘rgandilar, qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib beruvchilar bilan uchrashdilar.
Vengriyaning “KITE GROUP” kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi uchrashuvlarga boy bo‘lib, istiqbolli hamkorlik ruhida o‘tdi.
Ma’lumot uchun
“KITE GROUP” kompaniyasi 1975-yilda Vengriyada tashkil topgan. Bugunga kelib qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish hamda ilg‘or texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchilardan biri hisoblanadi.
Kompaniyaning Vengriya bo‘ylab 25 ta filiali mavjud, ularda 1,7 ming xodim faoliyat yuritadi. Bugungi kunda “KITE” Vengriyaning top-30 kompaniyalari safiga kiradi. Kompaniya aktivlari hajmi 1,5 milliard dollarga teng bo‘lib, yillik aylanmasi 955 million dollarni tashkil qiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: