O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi hammuassisi Bennet Friman boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida Bennet Friman davlat rahbari rahnamoligida 2019-yildan buyon agrar sohadagi faoliyat g‘oyat darajada faol ravishda amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Natijalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan islohotlar va modernizatsiya jarayonlarida o‘z ifodasini topmoqda, bularni «Cotton Campaign» katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston hukumati paxta terimida majburiy mehnatga barham bergani muhimligini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan tub islohotlar, shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha milliy komissiyaning manfaatdor vazirliklar hamda XMK, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikdagi keng qamrovli ishlari tufayli bularning barchasi uchun imkoniyat yaratildi.
Yig‘ilish doirasida vazir Xodjayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlar jarayonida qilingan ishlar haqida ma’lumot berib, agrar sohada yuzaga kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni hal etish maqsadida izlab topilgan yo‘llarni ma’lum qildi.
Shu tariqa, Prezident tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi”ni amalga oshirish doirasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining (hokimliklarning) fermerlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi faoliyatiga aralashuviga barham berildi, paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmalari bekor qilindi, qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlash uchun bozor tamoyillari joriy etilmoqda.
Uchrashuvda «Cotton Campaign» dasturi koordinatori Alison Gill shunday deb ta’kidladi:
«Aytish kerakki, bugun biz siz bilan majburiy mehnat masalalarini muhokama qilmayapmiz, balki xodimlar daromadini oshirish masalasi xususida so‘zlashmoqdamiz, bundan juda xursandman».
Xorijiy tomon O‘zbekiston hukumatining fermer xo‘jaliklariga yer uchastkalarini kimoshdi savdosi asosida, hududiy va viloyat hokimliklari aralashuvisiz ajratish to‘g‘risidagi qarorini ma’qulladi.
Xodjayev klaster ishlab chiqarish jadal rivojlanayotganini, so‘nggi 4 yilda 1,4 milliard dollarlik investisiyalarning asosiy qismi mamlakatimizda paxta-to‘qimachilik klasterlarini yaratishga yo‘naltirilganini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, o‘tgan yilning dekabr oyida bir hududda ikki yoki undan ortiq agroklasterlarni tashkil etish imkonini beruvchi Prezident qarori imzolangan edi, bu esa o‘z navbatida fermerlar uchun qulaylik yaratmoqda, chunki ular birgalikda ish olib borish uchun bir yoki bir nechta klasterlarni tanlashi mumkin.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: