Qishloq xo‘jaligi yerlarini “E-AUKSION.UZ” elektron savdo maydonchasi orqali ijaraga berish 2022-yilning yanvar oyidan boshlab yo‘lga qo‘yildi. Yangi shaffof tizim faol rivojlanmoqda: 2022-yil 22-mart holatiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yerlari elektron tanlovga chiqarilgan 320 746 ta lotdan 218 245 ta lot (umumiy maydoni – 40 278,7 gektar) bo‘yicha g‘oliblar (jismoniy va yuridik shaxslar) aniqlangan.
Shundan, umumiy maydoni 37 224,84 gektar bo‘lgan 218 089 ta lot jismoniy shaxslar tomonidan dehqon xo‘jaligi sifatida qishloq xo‘jaligi faoliyati yuritish uchun g‘olib deb topilgan.
Yuridik shaxslar ishtirok etgan umumiy maydoni 3 053,8 gektar bo‘lgan 156 lotda g‘oliblar aniqlandi. “E-AUKSION” platformasida qolgan va yangi lotlar bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash jarayonlari doimiy ravishda davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyundagi PF-6243-son Farmoniga muvofiq barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan ochiq elektron tanlovlar natijalariga ko‘ra qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar faqat ijara huquqi asosida beriladigan yangi tartib o‘rnatilgan. Bu o‘zgarish “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi”ni amalga oshirishning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi.
Lotlar bo‘yicha eng ko‘p g‘oliblar Farg‘ona vodiysiga to‘g‘ri kelmoqda:
– Andijon viloyati – 36 612 ta lot va 3 702,58 ga yer maydoni;
– Namangan viloyati – 34 128 ta lot va 4 091,12 ga yer maydoni;
– Farg‘ona viloyati – 27 005 ta lot va 3 504,54 ga yer maydoni.
Lotlar bo‘yicha eng kam g‘oliblar aniqlangan hududlar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4 712 lot va 1 569,65 ga yer) va Sirdaryo viloyatiga (2 995 lot va 2 192,33 ga yer) to‘g‘ri keladi.
ISHTIROKCHILAR UCHUN QOIDALAR
Reglament talablariga muvofiq har bir ishtirokchi istagan lotlarda ishtirok etishi, lekin bitta lotda g‘olib topilishi mumkin. Buning uchun elektron raqamli imzo bilan imzolangan ariza taqdim etiladi. Bunda talabgor to‘g‘risidagi barcha kerakli ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron ma’lumot almashinuvi orqali shakllanadi, ya’ni hujjatlar to‘plamini yig‘ish talab etilmaydi.
Alohida ta’kidlash kerakki, qishloq xo‘jaligi yerlari “E-AUKSION” platformasining “E-IJARA” tizimi orqali quyidagilarga ijara huquqi asosida beriladi:
– jismoniy shaxslarga dehqonchilik faoliyatini amalga oshirish uchun 10 yil muddatga 10 sotixdan 1 gektargacha;
– yuridik shaxslarga esa 30 yil muddatga 3 gektar va undan ortiq.
“E-AUKSION” PLATFORMASIGA JOYLASHTIRISH UCHUN QISHLOQ XO‘JALIGI YeRLARI “E-IJARA” TIZIMIDA LOTLARGA AJRATILGAN HOLDA RASMIYLASHTIRILADI
E-IJARA avtomatlashtirilgan axborot tizimi bo‘sh yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organ hamda tashkilotlar bilan kelishish tartibini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Tizim tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integrasiyalashgan. Ma’lumotlar to‘liq qayta ishlangach, lotlar ko‘rinishida e’lon qilish uchun “E-AUKSION” platformasiga yuboriladi.
“E-IJARA” tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20-son Qaroriga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishning an’anaviy usulidan yangi shaffof – elektron uslubga o‘tishni amalga oshirish maqsadida yaratilgan.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda, aholining keng qatlamlarini bog‘dorchilik, uzumchilik, polizchilik, sabzavotchilik va boshqa sohalarga jalb etish maqsadida paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilmoqda.
GʻOLIBLAR HAQIDA MA’LUMOTLAR VA MASLAHATNI QAYERDAN OLISH MUMKIN?
Gʻolibning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlovda g‘olib bo‘lganligi to‘g‘risida SMS-xabarni oladi, barcha hujjatlar to‘plami, shu jumladan, imzolash uchun hujjatlar elektron tizim orqali shaxsiy kabinetga yuboriladi.
Lotlar bo‘yicha boshqa g‘oliblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har bir ochiq elektron tanlov natijalariga ko‘ra “E-AUKSION platformasida avtomatik ravishda e’lon qilinadi.
Telegramda “E-IJARA” foydalanuvchilari uchun texnik yordam guruhi 24/7 rejimida ishlaydi – https://t.me/eijarasupport.
Shuningdek, savollarni yozma ravishda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Telegramdagi maxsus raqamga yuborish mumkin – +998 99 115 75 79 (@Qishloqxojaligivazirligi).
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: