Ekinlarda turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, ularni suv va mineral ozuqa bilan yaxshiroq taʼminlash maqsadida o‘simliklar payvandlanadi. Ushbu samaraga kuchli ildiz tizimiga ega payvandtag tufayli erishish mumkin. Bu ayniqsa, biotik va abiotik omillarning salbiy taʼsiri ostida sabzavot ekinlari hosildorligini oshirish vazifasi dolzarb bo‘lgan bugungi kunda muhimdir.

Payvandlashning quyidagi usullari mavjud:
- Oddiy payvand;
- Iskana payvand;
- Yorma payvand;
- Ikkita payvandtaglarga payvandlash;
- Yon tomondan kesib payvandlash;
- Qoziqcha (naycha) payvand;
- Yonma-yon (yaqinlashtirib) payvandlash;
- Qo‘shimchasi bilan payvandlash;
- Unib chiqqan urug‘ bilan payvandlash.

Quyidagi ekinlar bir-biriga payvandust va payvandtag bo‘la oladi:
Pomidor (payvandust) – pomidor, baqlajon (payvandtag).
Baqlajon (payvandust) – baqlajon, pomidor (payvandtag).
Qalampir (payvandust) – qalampir (payvandtag).
Bodring (payvandust) – oshqovoq, qovoqcha (payvandtag).
Qovun (payvandust) – oshqovoq, qovoqcha (payvandtag).
Tarvuz (payvandust) – oshqovoq, qovoqcha (payvandtag).
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITI olimlari tomonidan pomidor mahalliy navlari uchun payvandlash usuli ishlab chiqilgan. Buning uchun pomidor poyasining diametri 1,6-1,8 mm, ko‘chatining optimal balandligi 4-5 sm bo‘lishi va poyaning ikkita chin barglari ko‘rinib turishi kerak. Kesish burchagi 30-45 darajani tashkil etadi. Ko‘chat +25- 30 ̊C haroratdagi, nisbiy namligi 90-95% bo‘lgan issiqxonada o‘stiriladi.

Issiqxonada yetishtirilganda payvand qilingan pomidor ko‘chatlarining afzalliklari:
- O‘simliklar fenologik (rivojlanish) fazalari 3-7 kunga ertaroq boshlanadi.
- O‘simlik yaxshi rivojlanadi, barglari, gullari va meva soni ko‘payadi.
- Tamaki mozaika virusi, jigarrang dog‘lanish va fuzarioz viltiga chidamlilik ortadi.
- Hosildorlik 20-50% ga, meva o‘rtacha vazni 43% gacha oshadi, tovarbobligi 98% ga yetadi.
- Quruq modda miqdori 5% ga, askorbin kislotasi – 7% ga, shakar – 8% ga oshadi. Mevalarda nitrat miqdori pasayadi.
- Yuqori iqtisodiy samaradorlik kuzatiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: