Bugungi kunda mamlakatimizda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari tomonidan ko‘plab xorijiy oliy ta‘lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari, memorandumlar imzolashga erishilmoqda. Bu esa, agrar sohaning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlari va loyihalar amalga oshirilishiga turtki bo‘lmoqda.
Jumladan, vazirlik va uning tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislarni tajriba oshirish va amaliyot o‘tashlari uchun rivojlangan davlatlarga yuborish va xorijlik yosh mutaxassislarni mamlakatimizga taklif etish ishlari olib borilmoqda. Mana shunday o‘zi tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishni maqsad qilgan bir guruh germaniyalik yoshlar Toshkent shahridagi Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurishdi.
Ushbu ilm dargohida germaniyalik talabalar uchun agrar sohaga oid o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olim va yuqori malakali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Unda zamonaviy laboratoriyalarda tuproq tahlilini o‘tkazish, yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, yer unumdorligini oshirish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha bilim va tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, q.x.f.d, professor Raxmontoy Kurvantoyev “O‘zbekiston yer resurslarining holati, muhofazasi va ulardan samarali foydalanish agrotexnologiyalari” mavzusidagi ma’ruzasida talaba yoshlarga muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
O‘quv seminaridan so‘ng talabalarni qizg‘in va qiziqarli amaliyot jarayoni qarshi oldi. Institutning yetuk mutaxassislari va ilmiy xodimlari tomonidan Tezkor tuproq mobil laboratoriyasida tuproqni tahlil qilish sharoitlari bilan tanishtirish jarayoni talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: