O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrda qabul qilingan “Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, ushbu maskanda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteri (“AgroTech Klaster”) barpo etildi.
Mazkur klaster qishloq xo‘jaligi mashinasozligida ishlab chiqarish jarayonlarini maqbullashtirish, to‘liq siklli ishlab chiqarish tizimini yaratish hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etildi.
Kuni kecha “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ushbu klasterga press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari mutaxassislardan klaster faoliyati va u yerda yangi ko‘rinshdagi zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish jarayonlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Aytish joizki, “AgroTech Klaster”ning Chirchiq shahridagi sanoat korxonalari – “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Texnolog-Stan” MChJ, “Agrosanoatmashinvest” MChJning ichki imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi” AJ hududida tashkil etilishi ishlab chiqarishning yagona zanjirini hosil qilish imkonini berdi.
Buning natijasida qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishda mahsulot tannarxidagi logistika, amortizatsiya, ish haqi va soliqlar ko’rinishidagi xarajatlarni maqbullashtirishga imkon berdi.
Tadbirda qayd etilishicha, klaster usulida qishloq xo‘jaligi texnika va uskunalarini ishlab chiqarish tajribasi Markaziy Osiyoda ilk bor qo‘llanilmoqda. Umumiy maydoni salkam 15 gektar bo‘lgan mazkur korxonada 5 ta sex ishga tushirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi milliy qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnika bilan ta’minlash hamda qo‘shni davlatlarga eksport ham qilishdir
“AgroTech Klaster” yiliga 15 ming donagacha o’zi yurar, osma va tirkama texnikalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, hozirda chorvachilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilik sohasida talab yuqori bo‘lgan yangi texnikalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ustida ish olib borilmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, klasterda 26 ta turdagi traktorlar, kombaynlar, kultivatorlar, omochlar, yer tekislagichlar, boronalar, seyalkalar, purkagichlar, mineral o‘g‘it sochgichlar, ozuqa o‘rish mashinalari, zichlagich, kartoshka, sabzavot ekish mashinalari va boshqa texnikalar ishlab chiqariladi. Korxonada ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalarining 80 foizi ichki bozorga, 20 foizi Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkmanistonga eksport qilinadi.
Korxonada ishlab chiqariladigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari narx va sifat mutanosibligida texnikalarning yuqori samaradorligi hamda foydalanishda qulayligi bilan ajralib turadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: