O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida direktor Saidagzam Alimov boshchiligidagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi vakillari, shuningdek, boshqa mutaxassislar ishtirokida Koreya Savdo-sanoat va energiya vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazini tashkil etish loyihasiga doir masalalar muhokama etildi.
Umumiy qiymati 14 mln AQSH dollari bo‘lgan ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Loyihaning maqsadi O‘zbekiston atrof-muhitiga moslashtirilgan aqlli fermer xo‘jaliklarining sanoat texnologiyalari salohiyatini oshirishga yordam beradigan texnologiyalarni rivojlantirish markazini barpo etish orqali respublikada qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga ko‘maklashishdan iborat.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, loyiha doirasida aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalarni sinash uchun Samarqand, Buxoro, Toshkent, Jizzax va Farg‘ona kabi 5 ta viloyatda hududiy sinov xo‘jaliklari ochiladi.
Natijada mamlakatimizdagi issiqxona uskunalarining importga qaramligi, zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarishda malakali mutaxassislar kamligi, issiqxona va bog‘dorchilik uchun materiallar ishlab chiqarish quvvatlarining yetishmasligi kabi muammolarga yechimlar topiladi.
Bundan tashqari, aqlli fermer xo‘jaligini boshqarish bo‘yicha 2000 nafar mahalliy fermerlarning o‘qitilishi hamda bir qator dizayner arxitektorlar, IT mutaxassislar, yetuk o‘qituvchilarni tayyorlash nazarda tutilgan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: