Bugun mamlakatimizda uzumchilikka katta eʼtibor qaratilayotgani sir emas. Ayniqsa, Prezidentimizning vodiyga tashrifidan so‘ng, Oltiariqning uzum yetishtirish tajribasi butun mamlakatga tatbiq etilmoqda. Mana shu tajribaga ko‘ra, uzum yetishtirayotgan buxorolik bog‘bonlarning bog‘iga tashrif buyurdik.
Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi “G‘olibjon Hamroh” fermer xo‘jaligining 25 gektar yer maydoni mavjud. Shundan 5 gektarida “voish” usulida tok ko‘chatlari parvarishlanmoqda.
Fermer xo‘jaligining bog‘i 2006-yilda barpo etilgan. Hozirda bog‘ 100 foiz hosilga kirdi. Bog‘ning har gektaridan 20 tonnadan uzum hosili olinmoqda. Umumiy bog‘dan 100 tonna hosil yig‘ishtirib olinmoqda.
Avvallari bog‘da “voish” usulida uzum yetishtirilmagandi. Bog‘bonlar ushbu usulni Oltiariqdan o‘rganib, Buxorodagi o‘z bog‘larida sinab ko‘rishdi. Tajribalarni o‘rganish borasida ham oltiariqliklar ularga ustozlik qilishmoqda.
Shuni alohida aytish joiz, ushbu usulda uzum yetishtirganda hosil mazali, mevasi sifatli va mo‘l bo‘ladi. Bu esa uzumni eksportga yo‘naltirish uchun qulay omil hisoblanadi. Hozirda fermer xo‘jaligi 24 tonna uzumni eksportga yuborish arafasida.
Fermer xo‘jaligida 5 gektar yer maydoniga “voish” usulida, 5 gektarga “shpaler” usulida uzum yetishtirilayotganini aytib o‘tdik. Qaysi bir usulda uzum yetishtirish daromadli va sifatli ekani bo‘yicha savolga esa, bog‘bonlar “albatta, voish usulida” deb javob qaytarishdi.
Bir gap bilan aytganda, Buxoroda Oltiariq tajribasiga asoslangan “voish usulida” uzum yetishtirish o‘zini oqlamoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: