Surxondaryo viloyati janubiy mintaqada joylashgani bois, dehqonchilik mahsulotlari boshqa hududlarga nisbatan erta pishib yetiladi. Iqlim sharoitining issiqroq bo‘lishi mirishkor aholiga bu yil ham qo‘l keldi.
Surxondaryo viloyati Angor tumani g‘allakorlari joriy yilda 6 ming 500 gektar maydonda boshoqli don parvarishladi.
Tumandagi “Ikki do‘st” fermer xo‘jaligi mirishkorlari o‘rim-yig‘im boshlangan ilk kundayoq ko’zlangan natijalarga erishdi.
Hasan Muqimov, “Ikki do‘st” fermer xo‘jaligi rahbari:
“54 gektar yerning 35 gektariga g‘alla, 19 gektariga paxta ekkanman. Surxondaryo iqlimiga mos bo‘lgan “Alekseyevich” navini Rossiyadan olib kelib ekkan edik va bugungi kunda ko‘zlagan maqsadimizga erishdik. G‘alla maydonlarimizning har gektaridan 100 sentnerdan bug‘doy olishga erishdik. Bundan tashqari, pillachilikda ham katta natijalarga erishdik. Paxtaga keladigan bo‘lsak, yuqori darajadagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Buning natijasida har gektaridan 45 sentnerdan paxta olishga umid qilmoqdamiz”.
Aholining tabiiy o‘sishi va suv iste’moli ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi natijasida anomal issiq ob-havo yangi me’yorga aylanib borayotgani, shuningdek, suv resurslaridan irratsional foydalanish ortidan Markaziy Osiyoda jiddiy ekologik muammolar va suv tanqisligi yuzaga kelmoqda. Shu sababli, mamlakatimizda tomchilatib sugʻorish tizimi keng ommalashmoqda. Bu amaliyot tomorqa xoʻjaliklari, bogʻdorchilik va dehqonchilikda yuqori hosil olish, ish unumdorligini oshirishda yaxshi samara bermoqda.
“Ikki do‘st fermer xo‘jaligi” rahbari Hasan Muqimov ushbu muammolarni ayta turib, tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanmoqchiligini, bu orqali yuqori hosildorlikka erishmoqchi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Hasan Muqimov: “Hozirda qishloq xo‘jaligi sohasida tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu orqali fermerlar hosildorlikka erishmoqda. Biz ham kelgusida 7-10 gektar maydonga sinov tariqasida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilmoqchimiz”.
Joriy yil 23-martda Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda dala chetlarida mahsulot yetishtirishni ommalashtirishning ustuvor vazifalarini belgilab bergan edi.
Surxondaryolik fermer Hasan Muqimov ham bu borada ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilgan.
Hasan Muqimov: “Hozirda dala chetlaridan samarali foydalanish borasida bir qancha ishlar qilinmoqda. Xususan, dala maydonlarining chetlariga har yili oshqovoq, loviya kabi ekinlar ekib kelinmoqda. Bu, eng avvalo, fermer uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shaxsan o‘zim ham 54 gektar yer maydoni chetlariga loviya, oshqovoq ekkanman. Bu orqali qo‘shimcha daromad olishni maqsad qilganman”.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: