Mamlakatimiz aholisini ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida, sovuqqa chidamli ekinlardan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘katlarni to‘qsonbosti muddatida ekib, yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, biz uchun hayotiy muhim masaladir… Qishloq xo‘jaligidagi islohotlardan maqsad – iqtisodiy foyda ko‘rish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir..”
Ertaki mahsulot yetishtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun kuzda asosiy ekinlardan bo‘shagan maydonlarni sifatli shudgorlab, sovuqqa chidamli ekinlarni ekish zarur. Chunki erta bahorda yog‘ingarchilik hisobiga yerning yetilishi qiyin bo‘lib, ertagi ekinlarni ekish muddatlari cho‘zilib ketadi.
Qolaversa, to‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot urug‘lari erta bahorda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga hosil erta yetiladi.
Shu sababli, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, hududiy hokimliklarning takliflariga asosan barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan 2024-yil hosili uchun jami 529 ming ga (2022-yilga nisbatan +323,1 ming ga ko‘p), shundan avgust-sentyabr oylarida 386,5 ming ga (+316,5 ming ga) piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida 142,5 ming ga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekish belgilandi.
Jumladan, fermer xo‘jaliklarida 75,8 ming ga, aholi tomorqalarida 186,8 ming ga hamda dehqon xo‘jaliklarida 266,4 ming ga maydonda ekiladi.
Shundan, 195,7 ming ga piyoz, 66,8 ming ga sarimsoqpiyoz, 71,4 ming ga sabzi, 17 ming ga osh lavlagi, 117,7 ming ga ko‘katlar, 17,3 ming ga rediska, 43,1 ming ga karam ekinlarini yetishtirish belgilab olindi.
Yuqoridagi tadbirlar asosida, 2024 yil fevral, mart, aprel oylarida jami 10,8 mln tonna (2022 yildagiga nisbatan 5,8 mln tonna ko‘p) ertaki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga erishish kutilmoqda.
Shundan, 5,3 mln tonna piyoz, 665,5 ming tonna sarimsoqpiyoz, 1,6 mln tonna sabzi, 332,8 ming tonna osh lavlagi, 1,6 mln tonna ko‘katlar, 272,7 ming tonna rediska, 986 ming tonna karam mahsulotlariga to‘g‘ri keladi.
Ushbu yetishtiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarning 410 ming tonnasi (82,3 mln dollar) eksportga, 777 ming tonnasi shahar va tuman yarmarkalarga va 9,6 mln tonnasi ichki iste’molga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
To‘qsonbosti usulining qator afzallik tomonlari bor. Xususan, yerlardan samarali foydalanish, mavsumda ikki va uch marta hosil olishga erishish hamda erta muddatlarda sabzavot mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi.
Piyoz urug‘i to‘qsonbosti usulida respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda: janubiy viloyatlarda 1–30-dekabrda, markaziy viloyatlarda 15-noyabr–15-dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr–1-dekabr kunlarida mahalliy Bahoroy, Xamal, Istiqbol, Zafar va xorijiy Manas, Daytona, Leone, Banko navlarini ekish tavsiya kilinadi.
Piyoz urug‘i gektariga 18 kg gacha, yerning nishabligiga qarab qator oralarini 70-90 sm dan olib, 3-4 qatorli usulda yoki qo‘lda sochib ekiladi. Urug‘lar yerga 1,5-2 sm chuqurlikka ko‘miladi. Piyoz urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.
Bahorda piyozning bo‘yi 6-8 sm ga yetganda ya’ni ikkinchi marta bog‘lab chiqariladigan tovar holiga kelganda o‘toq va yagana qilinadi. Qator oralari 15-16 sm chuqurlikda ishlov beriladi.
Piyoz patak ildizli sabzavot bo‘lib, ildiz tizimi asosan tuproqning ustki qismida joylashadi. Shuning uchun, piyozning tuproqqa talabi yuqori bo‘lib, yerning ustki qismida asosiy ozuqa elementlari ko‘p bo‘lishini talab qiladi.Piyoz havo namligi past bo‘lgan joylarda yaxshi o‘sadi, ammo tuproqning sernam bo‘lishini xohlaydi.
To‘qsonbosti usulida ekilgan piyoz bahorda maysalari ko‘ringandan keyin sug‘oriladi. Birinchi suv odatda bahorgi yog‘in-sochin to‘xtagandan keyin beriladi.
Bahor seryog‘in kelgan yillarda bu muddat aprelning ikkinchi yarmiga, yog‘ingarchilik kam bo‘lgan yillarda esa aprelning boshlariga, ayrim hollarda esa hatto, mart oyining oxiriga to‘g‘ri keladi.
Piyozdan yuqori hosil olish uchun har gektar yerga yuqori unumdor maydonlarda sof holda 250 kg azot, 200 kg fosfor, 80 kg kaliy, o‘rtacha unumdor tuproqlarda 300 kg azot, 220 kg fosfor va 90 kg kaliy, past unumdor tuproqlarda 320 kg azot, 220 kg fosfor va 100 kg kaliy berilishi lozim.
Fosforli o‘g‘itning yillik miqdorini 70-75 foizini yerni ekishga tayyorlashda, qolgan qismi esa birinchi oziqlantirishda beriladi. Azot o‘g‘itini o‘suv davrida oziqlantirish paytida teng ikkiga bo‘lib beriladi.
Birinchi oziqlantirish piyoz yagana va o‘toq qilingandan so‘ng, ikkinchisi esa piyozboshi shakllana boshlaganda beriladi.
Sabzi urug‘ini to‘qsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1-30-dekabrda, markaziy viloyatlarda 15-noyabr – 15-dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr – 1-dekabr kunlari ekish tavsiya qilinadi.
Ushbu usulda asosan ildizmevasi qizil rangli mahalliy Ziynatli, Farovon yoki xorijiy Shantane 2461, Kuroda Shantane, Nantskaya 4, Kanada va Karson kabi nav va duragaylarini ekish yuqori daromad olishni ta’mindaydi.
Urug‘ sarfi gektariga 5-6 kg.ni tashkil etib, sabzi urug‘lari 1,5-2 sm chuqurlikka 52×8 va 62×8 sm sxemada ekiladi yoki qo‘lda sepiladi. To‘qsonbosti usulda sabzi urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.
Bahorda sabzi urug‘lari unib chiqishi bilan darhol 2 marta o‘toq va yagana qilinadi. Dastlabki o‘tash sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3-4 barg chiqarganda o‘tkaziladi.
Shuningdek, sabzi ikkinchi marta yagana qilinib, o‘tdan tozalangandan keyin qator oralari traktor kulьtivatorida yumshatiladi.
Sabzi yetishtirishda tuproqning to‘yingan dala nam sig‘imiga nisbatan sug‘orishdan oldingi tuproq namligi 70-75% bo‘lishi kerak.
Urug‘ unib chiqishiga qishda va bahorda yoqqan yog‘ingarchilik miqdori yetarli hisoblanadi. Ko‘klamda yog‘ingarchilik kam kelgan yillardagina urug‘ning unib chiqishini tezlashtirish maqsadida urug‘ suvi beriladi.
Sabzining gektaridan 30 tonnagacha hosil olish uchun yuqori unumdor maydonlarda sof holda 175 kg azot, 130 kg fosfor, 80 kg kaliy, o‘rtacha unumdor tuproqlarda 220 kg azot, 160 kg fosfor va 100 kg kaliy, past unumdor tuproqlarda 250 kg azot, 200 kg fosfor va 120 kg kaliy berilishi lozim.
Fosfor o‘g‘itni yillik miqdorini 70-75% yerni asosiy ishlovida, qolgan qismi esa birinchi oziqlantirishda beriladi. Azot o‘g‘itini o‘suv davrida oziqlantirish paytida teng ikkiga bo‘lib beriladi. Birinchi oziqlantirish sabzi yagana va o‘toq qilingandan so‘ng, ikkinchisi esa ildizmevasi shakllana boshlaganda beriladi.
Osh lavlagi urug‘lari to‘qsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1–30 dekabrda, markaziy viloyatlarda 15 noyabr–15 dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr–1-dekabr kunlarida, mahalliy Diyor va Yagona hamda xorijiy Bordo 237, Bikores, Boro F1, Detroyt va Pablo F1 duragaylarini ekish tavsiya etiladi.
Osh lavlagi to‘qsonbosti usulida ekilganda urug‘ sarfi 16-18 kg.ni tashkil qilib, ekishda egatlari 60-70 sm bo‘lib, 2-3 qatorli, o‘simlik oralari 8-10 sm va 2-3 sm urug‘lar chuqurlikka ekiladi.
Osh lavlagi urug‘i ekilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.
Osh lavlagidan yuqori va sifatli ildizmevalar olish uchun kuzda yerni shudgorlashda 320 kg ammofos, 180 kg kaliy xlor o‘g‘iti solinadi. Bahorda o‘suv davrida azot o‘g‘iti ikkiga bo‘lib beriladi. Birinchi oziqlantirish o‘toq qilib o‘simlik siyraklashtirilgandan so‘ng 240 kg karbamid yoki 550 kg sulfat ammoniy, ikkinchisi esa 3-4 chin barg paydo bo‘lganda yuqoridagi miqdorda solinadi.
Ismaloq bir yillik o‘simlik bo‘lib, ildiz bo‘g‘zidan 8-10 ta bargdan iborat tupbarg va o‘tsimon tik poya chiqaradi. Ismaloqni respublikada faqat bitta – Nafis navi Davlat reestriga kiritilgan.
Ismaloq o‘simligi sovuqqa chidamli sabzavotlar qatoriga kirib, urug‘i 3°S haroratda ko‘karib chiqadi. Yosh o‘simliklari 6-8°S gacha sovuqqa bardosh beradi.
Haroratning yuqori bo‘lishi va havo namligini pasayib ketishi o‘simlikka salbiy ta’sir qiladi, barglari mayda bo‘lib qoladi. Ismaloq hosili nihollar paydo bo‘lgandan 25-40 kundan so‘ng yig‘ib olinadi.
Respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ismaloqni to‘qsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1–30 dekabrda, markaziy viloyatlarda 15-noyabr–15-dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr –1-dekabr kunlari ekish tavsiya qilinadi.
Ismaloq sabzavot seyalkalari bilan qo‘sh qatorlab, lentalar orasi 50-60 sm va qatorlar orasini 15-20 sm dan qilib, gektari 15-20 kg urug‘ni 2-3 sm chuqurlikka ekiladi.
Ismaloq urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.
O‘suv davrida parvarish qilish ishlari ekinni sug‘orish, qator oralarini yumshatish va begona o‘tlarni o‘tashdan iborat bo‘lib, oziq-ovqatga ishlatadigan ismaloq yagana qilinmaydi.
Ismaloq 5-6 ta barg chiqargandan boshlab kesilib yoki yulinib hosili bir necha marta yig‘ishtiriladi. Gulpoyalar chiqarganda hosili terilmaydi. Ismaloqning hosildorligi gektariga o‘rtacha 120-150 s/ga tashkil etadi.
Ukropning mahalliy Uzbekskiy 243 va Orom hamda xorijiy Anet navlari respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda to‘qsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1-30-dekabrda, markaziy viloyatlarda 15-noyabr – 15-dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr– 1-dekabr kunlari ekish tavsiya qilinadi.
Ko‘kligida ishlatiladigan ukrop urug‘i pollarga qalin qilib sepilib, gektariga 20-25 kg urug‘ sarflanadi.
Ukrop urug‘i sekin unib chiqadi. Ukrop o‘toq qilish, lentalar orasini yumshatish va bostirib sug‘orish yo‘li bilan parvarish qilinadi.
Ko‘kligida ishlatiladigan ukrop aprel oyidan boshlab, bo‘yi 10-15 sm.ga yetganda o‘rib olinadi. Ukrop ko‘kligida ishlatish uchun ekilganda gektaridan 10-12 tonnagacha hosil olinadi.
Kashnichning Orzu va Yantar navlari rayonlashgan bo‘lib, sovuqqa chidamli bir yillik o‘tchil o‘simlik hisoblanadi. Uning urug‘I o‘sishi uchun 5-6°, ko‘karib hosil yaratishi uchun 15-16° harorat kerak. Kashnich o‘suv boshida sekin o‘sadi, keyin tez rivojlanadi.
To‘qsonbosti usulda ekilgan kashnichning o‘suv davri 40-50 kun bo‘lib, hosil pishish davri agarda plyonka bilan qoplangan bo‘lsa – mart oyida yoki ochiq maydonda yetishtirilgan bo‘lsa – aprel oyiga to‘g‘ri keladi.
Respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda kashnichni to‘qsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1–30 dekabrda, markaziy viloyatlarda 15-noyabr–15-dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr –1-dekabr kunlari ekishni tavsiya qilinadi.
Pol qilib sepilganda gektariga 8-10 kg urug‘ sarflanadi. Urug‘ ekilgandan so‘ng, ustidan mayda chirigan go‘ng sepiladi.
Asosiy parvarishi 1-2 marta o‘tash, qalin yerlarini bir oz yaganalash va vaqtida sug‘orishdan iborat. Yaxshi parvarishlanganda gektaridan 12-15 tonnagacha hosil olish mumkin.
Petrushkaning Nilufar, Saxarnaya va Novas navlari rayonlashgan bo‘lib, u sovuqqa chidamli ikki yillik o‘tchil o‘simlik hisoblanadi.
Uning urug‘ini o‘sishi uchun 5-6°, ko‘karib hosil yaratishi uchun 15-16° harorat kerak. Petrushka o‘suv boshida sekin o‘sadi, keyin tez rivojlanadi. Petrushka yer tanlamaydi.
To‘qsonbosti usulda ekilgan kashnichning o‘suv davri 55-60 kun bo‘lib, hosil pishish davri agarda plyonka bilan qoplangan bo‘lsa – mart oyida yoki ochiq maydonda yetishtirilgan bo‘lsa – aprel oyiga to‘g‘ri keladi.
Respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda petrushkani to‘qsonbosti usulida: janubiy viloyatlarda 1-30-dekabrda, markaziy viloyatlarda 15-noyabr – 15-dekabr, shimoliy viloyatlarda 1-noyabr – 1-dekabr kunlari ekish tavsiya qilinadi.
Pol qilib sepilganda gektariga 3-4 kg urug‘ sarflanadi. Urug‘ ekilgandan so‘ng, ustidan mayda chirigan go‘ng sepiladi.
Asosiy parvarishi 1-2 marta o‘tash, qalin yerlarini bir oz yaganalash va vaqtida sug‘orishdan iborat. Yaxshi parvarishlanganda gektaridan 10-12 tonnagacha hosil olish mumkin.
Ko‘kat sabzavotlarga ekishdan oldin yerni ekishga tayyorlash bilan birga 100 kg/ga me’yorda ammofos, 100 kg/ga me’yorda kaliy xlor o‘g‘iti, amal davrida birinchi oziqlantirish o‘toq va yaganalashdan so‘ng 200 kg/ga ammiakli selitra, 70-80 kg/ga ammofos, ikkinchi oziqlantirish 2-3 ta chin barg paydo bo‘lganda 200 kg/ga ammiakli selitra qo‘llab o‘tkaziladi. O‘g‘itlar o‘g‘itlagich moslamalar bilan qator oralariga o‘simlikka yaqinroq qilib beriladi.
Ushbu tadbirlarning barchasi aholini ertagi sabzavot mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga, ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash va eksport hajmlarini oshirishga qaratilgan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: