Immunitet ishlab chiqish qobiliyatining yetishmasligi ekinlarda turli kasalliklarni yuzaga keltiradi. O‘zbek olimlari buning yechimini topdilar – immunitetni tashqarida hosil qilib, biologik ozuqa bilan ekinni oziqlantirish orqali bunga erishiladi.
Farg‘onaning Bag‘dod tumanidagi tajriba uchastkasi. Ushbu maydonda g‘o‘za bargi va ildiziga kasallik tushgan (fuzarioz vilt va ildiz chirishi). Professor Baxtiyor Rasulovning ta’biri bilan aytganda, “Nihol reanimatsiyada – komada edi. Immunitetni hosil qiluvchi moddalar (metabolitlar)ni hosil qilishga holi yo‘q edi”.
Shunda olimlar “tez yordam” ko‘rsatishga kirishdilar – nihol o‘zi shakllantira olmagan immunitetni tashqarida (probirkada) hosil qilib, so‘ng biologik ozuqa bilan g‘o‘zani bargidan oziqlantirdilar.
Oradan ikki oy o‘tdi. G‘o‘za tiklanib, hosilga kirdi. U yetarlicha quvvatlangan, tanasidagi ikki kasallikdan qutulgan, barglaridagi dog‘lar yo‘qolgandi.
— Immunitetni g‘o‘zadan tashqarida hosil qilishga ilmiy tilda “immun metabolizmi o‘simlik to‘qimasidan tashqarida hosil qilish biotexnologiyasi” deyiladi. Bu texnologiya yordamida yangi usulda O‘zbekistondagi paxta hosildorligini oshirish, hatto qurg‘oqchilikda g‘o‘zadan yaxshi hosil olish mumkin,— deydi olim.
Baxtiyor Rasulovning fikriga ko‘ra, bu usul orqali chinbarg chiqarganda niholning qurib qolishi, shona to‘kilishini bartaraf etish, shuningdek ko‘saklarni ko‘paytirish, ularni to‘liq ochilishiga ham erishish mumkin.
Bu yangi innovatsion texnologiya ustidagi izlanishlar davom etmoqda. Hali ochiq turgan savollar ko‘p. Ishonamizki, o‘zbek olimlari fermer-dehqonlar bilan hamjihatlikda barcha savollarga javob topadilar va samarali natijalarga erishadilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: