Avval xabar berganimizdek, 12-13-avgust kunlari Xorazm viloyati Xiva shahrining «Ichan qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasida «Qovun sayli» festivali o‘tkazildi.
Festival davlatimiz rahbarining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq o‘tkazildi.
Ushbu festivalni o‘tkazishdan maqsad Xorazmning agroturizm salohiyati, qadimiy polizchilik tajribasi, xususan, qovun-tarvuz va bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng targ‘ib etishdan iborat. «Qovun sayli»da Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning barcha shahar va tumanlari o‘zlariga ajratilgan pavilyonlarni bayramona bezatib, o‘z hududlarida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov sohada so‘nggi yillarda erishilayotgan yutuqlar, o‘tkazilayotgan bunday festivallarning nafaqat agrar soha, balki turizm sohasi rivojidagi ahamiyati, poliz ekinlari, xususan qovun navlarini ko‘paytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Darhaqiqat, Xorazm vohasi azaldan tilimi tilni yoradigan qovunlari bilan dunyoga mashhur. Festivalda qovunlarning “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qari qiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi bir-biridan shirin o‘nlab mahalliy navlari namoyish qilindi. Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, qandolat va asalarichilik, chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan «Qovun sayli»ning taqdirlash marosimida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, anʼanaviy festivalda ishtirok etuvchilar va mehmonlar soni yildan-yilga oshib borayotgani, ayniqsa, xorijlik sayyohlarning eʼtibori va eʼtirofiga sazovor bo‘layotganini taʼkidladilar.
Hakamlar hayʼatining xulosasiga ko‘ra, Gran-pri sovrini — “Gentra” avtomobili — xivalik dehqon va fermerlarga topshirilgan bo‘lsa, 1- o‘rinni Qo‘shko‘pir tumani, 2-o‘rinni Toshkent viloyati va 3-o‘rinni Yangibozor tumani dehqonlari qo‘lga kiritishdi. Ularga “Nexia-3”, “Spark”, “Damas” avtomobillari topshirildi.
Shuningdek, 6 ta nominatsiya bo‘yicha ham go‘liblar eʼlon qilinib, qimmatbaho mukofotlar hamda diplomlar topshirildi.
Festival ishtirokchilari va mehmonlari sahnada o‘zbek estradasining yulduzlari hamda ozarbayjonlik sanʼatkorlarning betakror ijrolaridan bahramand bo‘lishdi.
Festival doirasida konsert dasturlari, tasviriy san’at asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, dorbozlar o‘yini, tarixdan so‘zlovchi sahna ko‘rinishlari, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, Xorazm nonini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, milliy liboslar ko‘rgazmasi, jonli ijrodagi sahna ko‘rinishlari va boshqa madaniy tadbirlar ham o‘tkazildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: