XXRning Shansi provinsiyasi Sian shahri. Xabar berganimizdek bu yerda 18-19-may kunlari “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammiti bo‘lib o‘tadi. Unga qadar davlat tashriflari ko‘zda tutilgan. Sammit doirasida kecha O‘zbek-Xitoy biznes forumi ochilgani haqida xabar bergan edik.
Tadbir juda uyushqoqlik va hamkorlikka asoslangan takliflarning ko‘p bo‘lganligi bilan ahamiyatlidir. Raqamlar ochig‘i, soat sayin geometrik progressiya asosida o‘sish ko‘rsatkichini qayd etib bordi. Bu yerda muloqot, muzokara va hamkorlik shartnomasini qayd etish uchun kelgan Xitoy biznes vakillarinig soni ham shunga yarasha oshib bordi. Kimda taklifnoma bor, kim hamkori orqali kirdi. Kimdir O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarini kirish eshigida kutib oldi. Bu forumning ahamiyati va nufuzidan darak. Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi bilan ham shunday bo‘ldi. Belgilangan yo‘nalish va uchrashuv soatlari o‘zgarishga yuz tutdi. Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya yo‘l-yo‘lakay hamkorlar bilan muzokaralar va kelishuvlarni amalga oshirhdi.Manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xitoy agrar tarmog‘ining bizga qiziqishi juda katta. Kun va tunning mutanosibligi va oy fazasining to‘liq siklda aylanishi mevalarning hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatiga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Buni xitoylik investorlar bot-bot ta’kidlashmoqda. Ilmiy yondashuv hamda innovatsiya orqali tarmoqni yuksaltirish bugungi kunning dolzarb masalasi. Raqamlashtirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish vaqt va hamkorlik munosabatlarida amalga oshiriladigan haqiqatdir. Muzokaralarning mag‘zi ham shunda. O‘zbek tomoni qishloq xo‘jalik mahsulotlarini organik tarzda yetishtirish va mahsuldorligini oshirishni eng asosiy vazifa sifatida e’tirof qilayotir. Xitoy tomoni esa mana shu takliflarni yangi ilmiy, innovatsion, texnologik va raqamli transformatsiyani amalga oshirish orqali ro‘yobga chiqarishga tayyor ekanligini bildirmoqda. Sarmoyador aynan o‘zbek zaminida yetishtiriladigan meva va sabzavotlarning ta’mi va sifatini yaxshi biladi. Uni jahon bozoriga olib chiqishda muammo bo‘lmasligini anglaydi.
Shuning uchun ham hamkorlik ikki tomonlama o‘zaro manfaatli bo‘lishiga komil ishonch bilan yondoshmoqda. Biznes muloqotlar davom ettirilayapti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: