Parkent tumanining Zarkent qishlog‘ida “Uzum sayli” va xalqaro vinochilik festivalining 2-kuni ham taassurotlarga boy bo‘ldi.
Kunning birinchi qismida festival doirasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ekspertlar tomonidan “Uzumning yangi navlari va yetishtirish texnologiyasi”, “Tok tuplari yashil qismlari bilan bog’liq ishlar”, “In-vitro sharoitida uzumning payvandtag va payvandtaglarini ko‘paytirish agrotexnologiyasi” kabi bir qator mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Po‘latjon Egamberdiyev Guliston davlat universiteti Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi: “Biz, yosh olimlar, hozirgi kunda uzumchilik sohasida qilinayotgan yangi ishlar, dehqonlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o’rganish hamda ular bilan tajriba almashish maqsadida “Uzum sayli”ga keldik. Ayni vaqtda viloyatlarimizdan turli navdagi uzumlar festivalga olib kelingan. Bu yerda yangi uzum navlarini o’rganib, boshqa viloyatlarga joriy qilish bo’yicha olimlar tomonidan juda katta ishlar amalga oshirilmoqda”.
Kunning ikkinchi qismida esa badiiy tadbirlar tashkil etildi. Bir qator pavilyonlarda uyushtirilgan ko‘rgazmalar, badiiy chiqishlar festival qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Ruslan Jalilov Qashqadaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari: “Toshkent viloyatining Parkent tumanida, haqiqatdan ham uzumchilik juda rivojlangan. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz hamda Kitob tumanlarida ham uzum yetishtiriladi, ammo ushbu tumanlardagi yetishtirilayotgan uzum navlari orasida Parkentda yetishtirilayotgan yangi navlarni uchratmaysiz. Biz bu yerda dehqonlar bilan qanday qilib hosilni oshirish va ko’chat yetishtirish bo’yicha suhbatlashib, fikrlar almashib oldik. Nasib qilsa biz ham Qashqadaryoga yangi navlarni olib borib, shu navlar ustida ishlarni amalga oshiramiz”.
Festival doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada 30 dan ortiq ma’ruzalar taqdim etildi, hududlar hamda vino ishlab chiqaruvchilarning pavilyonlari, vinolar degustatsiyasi, auksion, folklor jamoalar va estrada san’atkorlarining chiqishlari tashkil etildi.
Shuningdek, festival doirasida o‘tkazilgan B2B formatidagi uchrashuvlar natijasida jami 35 mln. AQSh dollaridan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.
Ilk bor o‘tkazilgan festivalda Italiya vinochilik uyushmasi rahbari Leonardo Kommuchi, shuningdek, Serbiya, Rossiya, Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, ushbu festivalda ikki kun davomida 95 ming nafar mahalliy va xorijiy mehmonlar qatnashdi.
Tadbirda bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan shuningdek faol ishtirok etgan qatnashchilarga tashakkurnomalar va qimmatbaho sovg’alar berildi. Xususan, Toshkent viloyatining shahar va tumanlari o‘rtasida “Eng namunali pavilyon” nominatsiyasida 1-o‘rinni Yuqori Chirchiq tumani egalladi.
Guliston Aytekova “Uzum sayli va vinochilik festivali” ishtirokchisi (Yuqori Chirchiq tumani): Biz bu yerda fermer xo’jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar bilan, qolaversa korxona, tashkilotlardagi quritilgan mevalarimiz bilan faol ishtirok etdik. Barchamiz faol ishtirok etganligimiz sababli birinchi o’rinni qo’lga kiritdik. Bundan juda ham xursandmiz. Chet eldan kelgan qatnashchilar ham bizdan o’rganish niyatlari borligini bildirishdi. Bundan tashqari bu festival orqali qatnashchilar bilan birgalikda fikrlar almashildi. Bunday bayramlar o’tkazilgani xalqizimga juda ham ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi. Bunday festivallar davomli bo’lsa juda ham yaxshi bo’lar edi.
“Konferensiyada eng yaxshi ilmiy chiqishi uchun” professor Alisher To‘rayev 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng namunali stend” nominatsiyasi bo‘yicha oliy sovrin – Gran-pri va 50 million so‘m pul mukofotini Jizzax viloyati vakillari qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, tadbirdagi faol ishtiroki uchun Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari, “Uzumfermer.uz” MChJ hamda “Zarkent Xolmat” fermer xo‘jaligi tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: