NISBATAN NOODATIY SOVUQ VA NAM OB-HAVO SHAROITIDA ERTAKI SABZAVOT, POLIZ VA KARTOSHKA EKINLARIGA SALBIY TA’SIRINING OLDINI OLISH UCHUN AMALGA OSHIRILADIGAN TADBIRLAR
“O‘zgidrometeorologiya” xizmati markazi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil mart oyida respublikaning barcha hududlarida so‘nggi o‘n yillikda ro‘y bermagan surunkali yog‘ingarchiliklar kuzatilib, oylik me’yordan 3-4 barobar yuqori bo‘ldi.
Jumladan, aksariyat hududlarda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 120-200% va Jizzax, Samarqand viloyatlarida 215-295%ni tashkil etdi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda bir kecha kunduzda yog‘ingarchilik miqdori ayrim kunlari 25-40 mm, tog‘li hududlarda 50-60 mm gacha bo‘ldi.
Bugungi ekinlarni ekish uchun noqulay ob-havo va tuproqdagi namlik sharoitida kelib chiqib hamda hududdagi tuproqlarning har-xil mexanik tarkibga ega ekanligini hisobga olib, ertaki sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekish uchun quyidagi ilmiy tavsiyalarga amalga oshirish lozim.
Sabzavot ekinlari bo‘yicha:
Yerni ekin ekishga tayyorlash. Nisbatan noodatiy sovuq va nam ob-havo sharoitida, tuproqdagi namlik haddan tashqari oshib ketgan yillarda tuproq namligini kamaytirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi buning uchun qishloq xo‘jaligi texniklari yordamida maydonlarni 14-16 sm chuqurlikda chizellab chiqiladi.
Chizellashdan keyin traktorga kultivatorlar bilan nishabli maydonlarga 70 sm qator oralig‘ida, tekis yer osti suvi yaqin bo‘lgan maydonlarga esa 90 sm qator oralig‘ida ekish egatlari tortib chiqiladi.
Ekinlar ekilgandan so‘ng urug‘larni unib chiqishi va tuproqda havo aylanishini yaxshilash maqsadida kul’tivasiya qilinadi.
Bugungi kundagi sharoitdan kelib chiqib, havodagi va tuproqdagi namlikni ortishi sabab, o‘simlik kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ va bakteriyalarni rivojlanishini oldini olish uchun urug‘ dorilagich preparat va immunostimulyatorlar bilan ishlov berish lozim.
Sabzi: ekish muddati; Samarqand, Jizzax va Navoiy (Xatirchi) viloyatlarida 20 martdan 10 aprelgacha ekish maqbul hisoblanib, urug‘ sarfi 5-6 kg/gani tashkil etadi.
Navlar: Mirzoi sariq 304, Nurli-70, Mirzoi qizil 228.
Ekish sxemasi: (50+20)x8 sm bo‘lib, ekish chuqurligi 2-3 sm.
Sug‘orish: yer osti suvlari chuqur joylashgan 5-6 marta, yer osti suvi yuza yerlarda 6-7 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 550-600 m3/ga.
O‘g‘itlash: azot 220 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 50 kg/ga me’yorlarda oziqlantiriladi.
Piyoz. Ekish muddati: Samarqand, Jizzax va Navoiy (Xatirchi) viloyatlarida 10-25 martda ekish maqbul hisoblanib, urug‘ sarfi 4-5 kg/gani tashkil etadi.
Ekish uchun navlar: Sunbulla, Zafar, Istiqbol, Sibr, Manas.
Ekish sxemasi: (50 + 20)x10 sm bo‘lib, ekish chuqurligi 3-4 sm.
O‘g‘itlash: Azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 75 kg/ga me’yorlarda oziqlantiriladi.
Sug‘orish: O‘suv davrida mintaqalarga qarab o‘rtacha 6-8 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 400-600 m3/ga.
Osh lavlagi. Samarqand, Jizzax va Navoiy (Xatirchi) viloyatlarida 10-25-mart muddatlarda ekish maqbul hisoblanib, urug‘ sarfi 14-16 kg/gani tashkil etadi.
Navlar: Diyor va Bordo.
Ekish sxemasi: (50 + 20)x8 sm bo‘lib, ekish chuqurligi 3-4 sm.
O‘g‘itlash: azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 120 kg/ga me’yorlarda oziqlantiriladi.
Sug‘orish: hududlarni tuproq-iqlim va suv sharoitlaridan kelib chiqib, 6-8 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 500-600 m3/ga miqdorni tashkil etadi.
Ukrop. Ekish muddati: Samarqand, Jizzax va Navoiy (Xatirchi) viloyatlarida 20-martdan 10-aprelgacha. Ko‘kligida ishlatiladigan ukrop urug‘i pollarga sepiladi va urug‘ sarfi 10-12 kg/ga.
Ukropni o‘toq qilish, lentalar orasini yumshatish va sug‘orish yo‘li bilan parvarish qilinib, o‘rtacha 2-3 marta sug‘oriladi.
O‘g‘itlash: azot va fosfor 35-50 kg/ga solinadi.
Kashnich. Kashnichdan uzluksiz hosil olish uchun urug‘i quyidagi muddatlarda sepiladi: ertagisi 1-10 fevral, o‘rtagisi 1-10 aprelda ekilib, pol qilib sepilganda urug‘ sarfi 8-10 kg/gani tashkil etadi.
Salat. Erta bahorda fevral oxiri mart oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida; kuzda sentyabrni ikkinchi yarmi – oktyabrda ekiladi. Salat lentasimon 2-3 qator qilib ekiladi. Lentalar orasi 45-60 sm, lentadagi qatorlar orasi 15 sm. Urug‘ sarfi 4-5 kg/ga. Salat tuplarining orasida 8- 10 sm, boshli salatda 12-15 sm bo‘ladi.
Petrushka va bargli karam. Erta bahorda fevral oxiri mart oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida ekilib, urug‘ sarfi 5-6 kg/gani tashkil etadi.
Rediska. Ekish muddati: 20-30-mart bo‘lib, ekish sxemasi: 40 x 10-15 sm. Urug‘ sarfi- 10-12 kg/gani tashkil etadi.
O‘g‘itlash: go‘ng 30-40 t/ga, azot 90-100 kg/ga, fosfor 70-80 kg/ga, kaliy 40-50 kg/ga.
Sug‘orish: 3-4 marta 4-6 kun oralatib sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 300-400 m3/ga.
Oq boshi karam: ekish muddati: Bahorda 20-30-mart.
Ekish sxemasi: ertagi muddatda 70 x 25 (30) sm; o‘rtagi va kechki muddatlarda 70 x 40 sm; kechki muddatda 90 x 40 sm.
O‘g‘itlash: go‘ng 25-30 t/ga, azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy
75 kg/ga.
Sug‘orish: ertagi muddatda 8-10 marta, o‘rtagi muddatda 14-15 marta, kechki muddatda 10-12 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori, dastlab 600-700 m3/ga, keyingilari 450-500 m3/ga.
Shirin qalampir va baqlajon. Ekish muddati: Urug‘ni ekishning muqobil muddati fevralning I-II o‘n kunligi. Ko‘chatni ekish muddatlari: shimoliy viloyatlarda aprelning III o‘n kunligi va mayning I o‘n kunligi.
Ekish sxemasi: ko‘chatlar 70×30 sm va 90×25 sm sxemalarda ekiladi.
O‘g‘itlash: go‘ng 25-30 t/ga, azot 160 kg/ga, fosfor 120 kg/ga, kaliy 80 kg/ga.
Sug‘orish: o‘suv davri davomida 14-15 marta, 8-12 kun oralatib, sug‘orish me’yori 500-600 m3/ga.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: