Paxtachilikda g‘o‘za qator oralariga kultivatorlar yordamida ishlov berish va chuqur yumshatish muhim agrotexnik tadbirlardan biri hisoblanadi.
G‘o‘za qator orasiga o‘z vaqtida, sifatli ishlov berish natijasida tuproqning suv-fizik, mikrobiologik xususiyatlari, havo almashinuvi va ozuqa tartibi yaxshilanadi hamda unib chiqayotgan begona o‘tlar yo‘qotiladi.
“TCT” Agroklaster direktori Matlub Nu’monov ham bu borada o‘z maslahat va tavsiyalarini berib o‘tdi.
“Yerdagi imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish uchun yerga mos ravishda ishlov berish kerak. Kultivatorda agrotexnik tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad aslida namlikni qochirish uchun emas, balki yerdagi mavjud namlikni o‘zida saqlashdir”, deya ta’kidladi mutaxassis.
G‘o‘zani kultivatsiya qilish natijasida tuproqda havo almashinuvi yaxshilanadi, begona o‘tlar yo‘qotiladi. G‘o‘za qator oralariga ishlov berish tuproq xususiyatlari, joyning relyefi, suv bilan taʼminlanganligini inobatga olib o‘tkaziladi va uning chuqurligi, ishlovlar soni hamda muddati belgilanadi.
Qator oralariga ishlov berishda eng avvalo kultivatordagi ishchi organlar soniga alohida eʼtibor berish lozim. Qator orasi 60 sm bo‘lganda kultivatorda 5 ta g‘ozpanja, 8 ta KKO, 20 ta naralnik, agar o‘t bosgan dala bo‘lsa, 20 ta naralnik va 8 ta pichoq o‘rnatilib, jami ishchi organlar kamida 33 ta bo‘lishi kerak.
Qator orasi 90 sm bo‘lganda 5 ta g‘ozpanja, 32-34 ta KKO, begona o‘t tarqalgan maydonda 8 ta pichoq 24-26 ta naralnik, jami 37-39 ta ishchi organi o‘rnatilishi sifatli kultivatsiya qilishni taʼminlaydi.
G‘o‘za nihollari 75-80 foiz unib chiqib qatori yaqqol ko‘ringanda, qator oralariga birinchi ishlov berishni boshlash kerak. Birinchi kultivatsiyada tuproqqa sifatli ishlov berilsa, unib chiqmagan 20-25 foiz nihollar unishi tezlashadi, tuproq mayin, donador bo‘lib, o‘simlik ildiz tizimi rivojlanadi.
Bu esa o‘z navbatida gommoz, ildiz chirish kasalliklari bilan zararlanishning oldini oladi, g‘o‘za baravj rivojlanib, ildiz tizimi jadal rivojlangani uchun o‘simlikning suvsizlikka chidamliligini oshiradi, sug‘orish muddati 10-15 kunga orqaga suriladi, suv 10-15 foiz tejaladi.
Mexanik tarkibi yengil, qumoq, qumli va o‘rtacha bo‘lgan o‘tloqi-soz tuproqlarda birinchi kultivatsiya chetki ishchi organlar 6-8 sm, ikkinchi juft organlar 8-10 sm, uchinchi juft organlar 10-12 sm, o‘rtadagilari esa 60 sm qator oralig‘ida 13-14 sm, 90 sm qator oralig‘ida 15-16 sm chuqurlikka moslab o‘rnatiladi.
O‘gir mexanik tarkibli, suv o‘tkazish xususiyati past va nam yaxshi shimilmaydigan tuproqlarda qator oralari 60 sm bo‘lganda o‘rtadagi ishchi organlari 15-16 sm, 90 sm qator oralig‘ida 16-18 sm chuqurlikka moslab o‘rnatilishi kerak.
Bunda 60 sm qator oralig‘ida o‘simlikdan har ikki tomondan 5-7 sm himoya hududi qoldirilib, 45-50 sm kenglikda, 90 sm qator oralig‘ida 75-80 sm kenglikda ishlov beriladi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, g‘o‘zaning ildiz tizimi yaxshi rivojlanishini taʼminlash uchun birinchi va ikkinchi kultivatsiya orasida maxsus moslama yoki chizel-kultivator yordamida mexanik tarkibi yengil va o‘rta tuproqlarda 18-22 sm, mexanik tarkibi og‘ir tuproqlarda 20-25 sm, pastki qattiq qatlami mavjud yoki plugtovon hosil bo‘lgan yerlarda 35-40 smgacha chuqur yumshatish suvdan foydalanish samaradorligini oshiradi, o‘simlik o‘sishi va rivojlanishini yaxshilab, paxta hosilini 3-4 sentnerga oshiradi.
“TCT” Agroklaster bosh agronomi Mirvali Sherbekov ham o’z tavsiyalari bilan o’rtoqlashdi. Xususan, uning ta’kidlashicha, vegetatsiya jarayonida 11 tagacha kultivatsiya ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, agronomning aytishicha, yumshatgich-kultivatorning ahamiyati juda ham katta. Yumshatgich-kultivator bilan yerga ishlov berish natijasida yerdagi namlik saqlanadi hamda g’o’za ildizlariga ozuqa borish ta’minlanadi.
G‘o‘zani parvarishlashda birinchi suvgacha kamida 3-4 marta qator oralariga ishlov berish va 1-2 marta chuqur yumshatish kerak. Bunda g‘o‘za 2-3 marta kultivatsiya qilinadi, 2 marta oziqlantiriladi, chuqur yumshatish o‘tkazilishi inobatga olinishi kerak. Har bir dalaga 10-12 kunda ishlov berish tuproqdan o‘simlik issiqlik haroratini ko‘proq o‘zlashtirishini, durkun o‘sib rivojlanishini taʼminlaydi.
Xususan, sizot suvlari yaqin joylashgan, daryo sohili atrofidagi yerlar, tuproqda ortiqcha (achchiq) zax bor yerlarda tez-tez va chuqur kultivatsiya qilish ildiz chirish, gommoz kasalliklari va sho‘rning zararini kamaytiradi.
Keyingi kultivatsiyalarda g‘o‘zaning ildizini shikastlantirmaslik uchun yumshatish kengligi va chuqurligi qator oralari kengligiga, tuproq turiga qarab belgilanadi.
Qator orasi 60 sm bo‘lganda kultivatorning chetki organlari o‘simlikdan 8-10 sm uzoqlikda, 6-8 sm chuqurlikda, o‘rtadagilari 12-14 sm chuqurlikda, ishlov kengligi 40-44 smni tashkil etishi lozim.
Qator orasi 90 sm oralig‘ida kultivator ishchi organlari o‘simlikdan 8-10 sm uzoqlikda, 6-8 sm chuqurlikda, keyingi juftliklari mos ravishda 8-10, 10-12 sm chuqurlikda, o‘rtadagilar 15-16 sm chuqurlikda o‘rnatilishi, ishlov berish kengligi 70-74 sm.ni tashkil etishi kerak. Keyingi ishlovlarni o‘tkazishda ham ishchi organlar sonini kamaytirmaslik tavsiya etiladi.
G‘o‘zaga kerakli miqdorda suv yetkazib berish uchun tuproq sharoitidan kelib chiqib 1- sug‘orishda jo‘yak chuqurligi 60 sm.li qator oralig‘ida 14-16 sm, 90 sm.li qator oralig‘ida 18-20 sm, keyingi kultivatsiyalarda jo‘yak chuqurligi 60 sm.li qator oralig‘ida 16-18 sm, 90 sm.li qator oralig‘ida 20-22 sm.gacha bo‘lishi lozim. Aks holda g‘o‘za suvga qonmaydi hamda o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi 10-15 kunga kechikib, hosildorlik 2-3 sentnergacha pasayadi.
Har sug‘orishdan keyin g‘o‘za qator orasi tuproq yetilishi bilan kesak hosil qilinmay mayin kultivatsiya qilinishi kerak. Bunda, «boranka» usulidan keng foydalaniladi.
Suvdan suvgacha g‘o‘za qator orasiga 2 marta ishlov beriladi, ikkinchi ishlovda kultivator ishchi organlari to‘liq holda o‘tkazilib, bir yo‘la sug‘orish uchun jo‘yak olinadi.
Sug‘orishdan so‘ng tuproqqa chuqur ishlov berish shart emas. Asosan boranka yoki ko‘p miqdorda KKO o‘rnatilib, 10-12 sm chuqurlikda tuproqni yumshatish, namlikni ortiqcha bug‘lanishining oldini oladi va tuproqda yaxshi saqlanadi.
Bu esa sug‘orishlar orasidagi muddatni 4-5 kunga uzaytirishga va o‘simlikning o‘sishi, rivojanishi va hosil to‘plashiga zarar yetkazmagan holda mavsum davomida bir marotaba sug‘orish suvini tejashga imkon beradi. Suvdan foydalanish samaradorligi 15-20 foizga va paxta hosili 3-4 sentnerga oshadi.
G‘o‘za qator orasiga ishlov berish jarayonida kesak hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki, bunda tuproqdagi namlikning ortiqcha bug‘lanishi ko‘payadi, bu esa o‘sish va rivojlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi, natijada tuproq yorilishi oqibatida o‘simlik ildizlari zararlanib, vilt kasalligiga chalinish ehtimoli oshadi.
Qator orasiga ishlov berish o‘z muddatida va sifatli bajarilmasa, tuproqdagi namlik yo‘qolishiga olib keladi, o‘simlik ildizi shikastlanadi, o‘sish va rivojlanish jarayonlari sekinlashib, 10-15 kunga kechikadi, o‘suv davrlari uzayishiga sabab bo‘ladi hamda g‘o‘za hosildorligi 3-4 sentnerga kamayadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: