Iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida samaradorligi yuqori bo‘lgan uchuvchisiz parvoz apparatlari (dronlar) va dron materiallaridan foydalanishga qiziqish ortmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qaxramon Yuldashev Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi hamda Geospatial Information Co. Ltd. kompaniyasi rahbar va mutaxassislaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda o‘tgan hafta Koreya-O‘zbekiston “Drone Road Show 2023” ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tgani, unda Koreyaning 6 ta yetakchi kompaniyasining turli yo‘nalishlardagi dronlari, ishlab chiqariladigan mahsulot va ko‘rsatiladigan xizmatlari namoyish etilgani aytildi. Shuningdek, agrar sohada qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilish, raqamli xaritalar hamda 3D-modellarni yaratish, dronlardan foydalangan holda aniq dehqonchilikni rivojlantirish, mazkur sohada mutaxassislarni tayyorlash masalalari, qolaversa, kompaniyalar bilan ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgani ta’kidlandi.
Tadbirda Geospatial Information Co. Ltd. rahbariyati kompaniyaning agrodronlarni ishlab chiqarishdagi ustuvor tomonlari va ilg‘or dasturiy yechimlari to‘g‘risida taqdimot qildi. Xorijlik delegatsiya vakillari respublikada yo‘lga qo‘yilgan kosmik suratlarni tahlil qilish va joriy etilgan geoaxborot tizimi imkoniyatlarini yuqori darajada ekanligini e’tirof etdi.
Shu bilan birga, respublikada qishloq xo‘jaligi sohasida monitoring va “sprey” dronlar, ashyolar interneti, 3D geografik axborot tizimlari, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, qonunchilik bazasini takomillashtirish va mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: