Ayni damda yurtimiz dalalarida g‘alla o‘rim-yig‘imi avj pallada. Bu yil Toshkent viloyatida 14 ta g‘allachilik klasteri hamda 2 ming 529 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 106 ming gektar maydonda g‘alla yetishtirildi.
Viloyatda g‘alla o‘rish 5-iyundan boshlangan bo‘lib, 20-iyun holatiga ko‘ra, jami 205 ming 52 tonna g‘alla sotildi. Bu rejaning 76,8 foizi demakdir.
Bugungi kunda o‘rtacha hosildorlik 70,8 sentnerni tashkil etmoqda. Hozirda Bekobod, Zangiota va Toshkent tumanlari belgilangan rejalarni bajargan bo‘lsa, keyingi 3-4 kunda Piskent, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq, Quyichirchiq va boshqa tumanlar rejani ortig‘i bilan bajarishi kutilmoqda.
Aytish kerakki, bu yil o‘rimni sifatli va samarali tashkil etish maqsadida yangicha tizim yo‘lga qo‘yilgan. Avvalo, ishchi-xizmatchilar, fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan moddiy rag‘batlantirilmoqda.
Qolaversa, Prezidentimizning 121-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadlarida, dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilishi natijasida, g‘alla maydonlari tevarak-atrofida ham turli meva-sabzavotlar g‘arq pisha boshladi.
Viloyat miqyosida olganda, 6 721 ta fermer xo‘jaligining 5 510 gektar dala chetlari o‘zlashtirilib, 14 mln 387 ming dona ko‘chat ekildi. Bundan tashqari, 569 gektar yerga poliz, sabzavot va boshqa ekinlar ekildi. Qolaversa, dala shiyponlarida asalari uyalari saqlash, parrandalar parvarishlash urfga aylandi.
Bu xayrli ishlar o‘z samarasini bermay qolmadi – g‘alla o‘rimi jarayonida hordiq chiqarish uchun tin olgan kombaynchilar dala chetida ekilgan sabzavotlardan tamaddi qilib, shiyponda barra salatlar tayyorlashlari, meva-yu qovun-tarvuzlar tanovulidan rohatlanishlari mumkin bo‘lmoqda.
Ortgan hosil esa, sotuvga chiqarilib, aholi dasturxoniga tortiq etilmoqda.
Yer maydonlaridan bunday unumli foydalanish dehqonlarga manzur bo‘libgina qolmay, fermer xo‘jaliklariga iqtisodiy manfaat ham keltirayotgani sababli, keyingi yillarda bu tajriba yanada kengroq ko‘lamda tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: