Joriy yilning 7-8-sentyabr kunlarida Samarqandda bo‘lib o‘tgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Xalqaro islom tashkiloti bosh direktori Yerlan Baydaulet ham o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi Shundan so‘ng, bizga anjuman taassurotlari va o‘zi rahbarlik qilayotgan Tashkilot faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Tashkilotning asosiy vazifasi — bu IHTga a‘zo mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Men yaqin kelajakda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro ko‘lamga ega ushbu institutga qo‘shiladi, deb umid bildirdim. Biz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari bilan nafaqat so‘zda, balki amalda ham shug‘ullanamiz. Bizda o‘n yillik Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlangan, u barcha a’zo mamlakatlarimiz tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. Hozirda 38 ta davlat tashkilotimiz a’zosidir. Biz 4 ta qit’ada ish yuritamiz va faoliyatimiz 5 ta yo‘nalishni qamrab oladi:
Oziq-ovqat xavfsizligini boshqarish. Biz mamlakatlarimiz bilan katta ishlarni amalga oshiramiz, tajriba almashamiz.
Insonparvarlik faoliyatini rivojlantirish masalalari. Bu yo‘nalishda biz ikkita global mandatga egamiz, ular bizga mamlakatlarimiz rahbarlari miqyosida taqdim etilgan. Birinchi mandat Afg‘onistonga tegishli, ikkinchisi Afrika mamlakatlariga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishdan iborat.
Ilm-fan va texnologiyalar. Bu yo‘nalishda O‘zbekistondagi ilmiy-texnik tashkilotlar bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda, allaqachon Toshkent, Samarqand, Nukusda faoliyat yuritayotgan tuzilmalar bilan ishlamoqdamiz. O‘zbekistonda tadbir o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Yangi texnologiyalar, ilm-fan va ta’limga investitsiyalarsiz oziq-ovqat xavfsizligiga erishish mutlaqo imkonsizdir.
Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish. Biz IFPA deb atalgan tuzilmani tashkil etganmiz. Joriy yil 30-mayda Birlashgan Arab Amirliklarining bir necha vazirlari ishtirokida, tantanali tarzda Dubayda ofisimizni ochdik. Mamnuniyat bilan aytishni istardimki, qator tashkilotlar, jumladan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ushbu uyushmaning faxriy a‘zosi sanaladi, shu sababli, xususiy sektorni mazkur uyushma doirasida ish ko‘rishga chaqiraman. Biz maxsus T57 platformasini yaratamiz, u ichki bozorni, sotuvlar bozorini rivojlantirishga, oziq-ovqat yo‘nalishida qo‘shimcha qiymat zanjirining shakllanishiga ko‘maklashadi. Shuningdek, universitetlar bilan munosabatlarimizni rivojlantiramiz. Bu borada biz yosh olimlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta umid bog‘laymiz. Yaqinda agrobiotexnologiyalar bo‘yicha ikkinchi global forumni o‘tkazdik. Keyingi yilda shunday tadbirni Saudiya Arabistonida o‘tkazishni rejalashtirganmiz, o‘zbekistonlik hamkasblarni ushbu forumga taklif qilardik.
Resurslar mobilizatsiyasi. Biz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash fondini tashkil qilamiz va O‘zbekistondagi hamkasblarimiz ham bu bosqichda biz bilan birga bo‘lishlariga umid qilamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: