Erta tongdan quyosh nurlarini sochar ekan, bu quyoshning nurlari har birimizning qalbimizga iliqlik olib kirgani sari, har bir o‘simlikka ham o‘ziga xos bir tetiklik baxsh etishi bor gap. Bugun mamlakatimiz pishiqchilikka yuz tutgan pallada turibmiz. Eng asosiysi, dasturxonlarimizga peshma-pesh turli xil noz-ne’matlar kelayotganligi hammamizni quvontiradi. Ammo yana shunday onlar bo‘ladiki, uni qo‘ldan boy berish aslo mumkin emas. Buning otini fursat deydilar.
Bu fursatdan unumli foydalanib tayyor rizq-ro‘zimizni terib olishimiz, qolganlarini esa o‘ylaganimizdek yetishtirish uchun albatta mehnat bilan birgalikda har tomonlama maslahat, qo‘llab-quvvatlov va albatta yo‘nalish berish maqsadga muvofiqdir. Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov sohada kechayotgan islohotlarning bevosita joylardagi ijrosini ko‘zdan kechirish maqsadida navbatdagi tashrifini Navoiy viloyatiga amalga oshirdi.
Aytib o‘tishimiz joizki, Navoiy qishloq xo‘jaligida o‘ziga xos maktab va o‘ziga xos o‘ringa ega. Bu borada tuman mehnatkashlari paxta deymizmi, g‘alla deymizmi yoki meva-chevalarmi – har sohada yuzlari yorug‘ bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lishi uchun tinimsiz mehnat qilmoqdalar.
Birgina misol: dastavval Xatirchi tumanidagi yangi tashkil etilgan “Navoiy Fayzkom tekstil” misolida ko‘radigan bo‘lsak, ayni paytda bu yerda 450 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Endi esa bu yerda to‘quv, bo‘yash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda esa yana qo‘shimcha 550 ta ish o‘rni yaratiladi. Demakki, bitta loyiha mingta hamyurtimizni doimiy ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tsak, 8,7 gektarda qad rostlagan ushbu majmuada bugungi kunda bozorgir bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Korxonadagi barcha ishlab chiqarish jihozlari Germaniyadan keltirilgan. Yangi liniyalarni ishga tushirish uchun ham aynan ushbu mamlakatning dastgohlari keltirilishi belgilangan. 7 nafar pokistonlik texnologlar faoliyat yuritmoqda.
Korxonada kuniga 15 tonna kalava chiqarilayotgan bo‘lsa bu oyiga 450 tonna demakdir. Eng asosiysi, mahsulotlar bugungi kunda Rossiya, Polsha, Turkiya kabi mamlakatlarga yo‘l olmoqda. O‘z navbatida, ayni kunlarda Yevropa davlatlari bilan muzokaralar olib borilyaptiki, shartnomalar imzolangach, eksport geografiyasi kengayishi bor gap. Korxonaga 2021-yilda asos solingan bo‘lsa-da, qisqa muddatda oyoqqa turgan ushbu korxonaning qishloq xo‘jaligidagi ulushi ham ortib borayotir.
Bu borada mahsulot yetishtirish va logistika xizmatlarini ham majmuaviy ko‘rib chiqayotgan korxona mutasaddilari aynan Aziz Voitov bilan bo‘lgan muloqotda bugungi kunda korxonani har tomonlama yangi istiqboldagi loyihalar bilan boyitish borasidagi fikrlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: