Toshkent davlat agrar universiteti delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Xitoy-Markaziy Osiyo: qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-texnik innovatsiyalar va hamkorlikni mustahkamlash” mavzuidagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi.
Anjumanda jami 6 ta mamlakatdan qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar va korxona-tashkilotlardan 200 nafardan ortiq ekspert va olimlar qatnashishdi.
Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan konferensiyada Toshkent davlat agrar universitetining Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Abduaziz Abduvasikov “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va agar taʼlim” mavzusida maʼruza qildi.
Konferensiyada qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyalari, siyosati va ilmiy-texnik yutuqlarini Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlar bilan almashish, kelajakdagi tadqiqot ustuvorliklari va asosiy ilmiy-texnik muammolarni aniqlash, sohada xalqaro hamkorlik va birgalikdagi innovatsiyalarni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligini sifatli rivojlantirishga ko‘maklashish uchun platforma yaratish mavzulari muhokama etildi.
Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari natijalari va tajribalarini almashish orqali mintaqaviy va global oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni birgalikda qo‘llab-quvvatlashga ham kelishib olindi.
Maʼlumot o‘rnida aytish mumkinki, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro yaqin va qo‘shni bo‘lib yashaganliklari bois barcha sohada, xususan qishloq xo‘jaligida ham muhim va ishonchli hamkor bo‘lib kelishgan. Global oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilashni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘zaro manfaatli iqtisodiy globallashuvni rag‘batlantirish borasida ham yaqin va hamfikrdirlar.
Ushbu anjuman va undagi muhokama hamda yechimlar esa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorliklarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: