Yer va suv resurslari tanqisligi kuzatilayotgan bugungi kunda har bir qarich yerdan mahsulot olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olimlar, fermerlar, tadbirkorlar, suvchilar va qayta ishlovchilarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb qiladi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-121-sonli qarori va uning ijrosini ta’minlash doirasida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi — AKISda ish boshlagan seminar ham dala chetlaridan unumli foydalanish masalasiga bag‘ishlandi.
Hududlardagi soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ushbu o‘quv seminarida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, shuningdek sohadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, agentlik, uyushmalar rahbarlari, mutasaddi xodimlari qatnashdi.
Tadbirni qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda aytilganidek, dala chetlari aksariyat hollarda muntazam foydalanilmaydigan yerlar bo‘lganligi sababli, ularni o‘zlashtirish uchun tuproq unumdorligini oshirish bilan bog‘liq samarali texnologiyalardan foydalanish talab etiladi.
Seminarda dala chetlaridan foydalanishda tuproq tahlilining o‘rni; dala chetlarida sabzavot va poliz ekinlarini ekish, ko‘chatlarni tayyorlash va mahsulot yetishtirish; mevali daraxtlar va uzum ko‘chatlarini ekish va parvarishlash kabi keng ko‘lamli masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Qaysi ekin turini, qanday navlarini, qanday usulda ekish va parvarishlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Jumladan, tadbirda har bir hudud uchun mos keladigan sabzavot, poliz, kartoshka, yem-xashak, moyli ekinlar navlarini parvarishlash agrotexnologiyalari taklif etildi. AKIS olimlari dala chetlarida sabzavotlarni bugungi issiq harorat va suv tanqisligi sharoitida ko‘chat usulida ekish ko‘proq samara berishini qayd etdilar – nihollarning unib chiqishi, o‘sishining tezlashishi bilan birga suv tejaladi.
Xo‘jaliklarning ixtisoslashuvi, yer maydonlarining joylashuvi, dala chetlari va uvatlarning xususiyatlariga qarab dala chetlarida mevali daraxtlar, manzara berishi bilan birga yuqori iqtisodiy samara beradigan (sifatli yog‘och) Pavlovniya kabi manzarali daraxtlar, uzum ko‘chatlarini ekish, ularni parvarishlash hamda mahsulot yetishtirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, seminarning birinchi kunida Yangi ilmiy ishlanmalar, navlar, uskunalar va texnologiyalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Seminar ishtirokchilari Yuqori Chirchiq tumanidagi “ECO FRUIT” fermer xo‘jaligida bo‘lib, bu yerda dala chetlariga va bog‘–tok qator oralariga ekilgan ekinlar, ularning parvarishi bilan tanishdilar. Seminar ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Ma’lumot uchun:
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) tizimida bugungi kunda 12 ta ilmiy tadqiqot institutlari, ularning 51 ta hududiy ilmiy tajriba stansiyalari faoliyat yuritishmoqda. Ushbu ilmiy tashkilotlarda 1 854 nafardan ziyod xodim ishlamoqda. Ilmiy xodimlar tarkibida 65 nafar fan doktori, 167 nafar fan nomzodi mavjud.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: