Bugun 24-iyun kuni Toshkent shahrida “Agrar soha yoshlari” respublika forumi doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
30-iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlab, vazirlik va “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida tashkil etilgan o‘yinda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining yosh davlat xizmatchilari va iqtidorli talabalari ishtirok etishdi.
Intellektual o‘yinda 36 ta jamoa tarkibida 216 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Forumda Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilshod Nazirov moderatorlik qildi. Dastlab, agrar sohadagi eng ilg‘or yoshlar so‘zga chiqib, sohada erishayotgan yutuqlari va motivatsiyaga boy undovlari bilan tengdoshlarini yangi marralar sari chorlashdi.
Shundan so‘ng, “Zakovat” intellektual klubining kengash aʼzolari jamoalarga o‘yin tartiblarini tushuntirib, o‘yinni boshab berishdi.
Qiziqarli savollarga va qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tgan o‘yinda yoshlarning mantiqiy fikrlashi, qishloq xo‘jaligidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Forumga Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham tashrif buyurib, yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularga samimiy tilaklarini bildirdi:
“Hurmatli forum ishtirokchilari! Sir emas, qishloq xo‘jaligida yoshlarimiz juda faol, aqlli va dono. Men buni bir necha bor taʼkidlab o‘tganman. Хususan agrar sohaning 40 foizi siz aziz yoshlardan iborat. Sohada 200 nafardan ortiq yosh fan doktorlari, professorlar faoliyat ko‘rsatishmoqda. Bu biz uchun g‘urur va iftixordir. Shuning uchun men ishonch bilan ayta olamanki, siz agrar sohadagi yoshlar dunyoning eng ilg‘or yoshlari bilan bellasha olasiz. Ular bilan birgalikda yangi g‘oyalar, ishlanmalar borasida hamkorlik qila oladigan, davlatimizga, xalqimizga foydasi tegadigan ishlarni amalga oshirasiz. Bugun yuz-ko‘zingizdagi qatʼiyatdan, ishonchdan ko‘rinib turibdiki, sizlar bilan hali ko‘p yangi maqsadlarni, rejalarni birgalikda amalga oshiramiz!”
Shundan so‘ng forumning kulminatsion nuqtasiga yetib kelindi. Yaʼni bahslarda o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etib, g‘oliblik shohsupasiga yetib kelgan jamoalarni Aziz Voitov va vazir maslahatchisi Eshmirza Abdualimov qutlashdi.
1-o‘rin — “Termiz forever” jamoasi;
2-o‘rin — “ISKAD” jamoasi;
3-o‘rin — “Sigma” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar kubok, medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Albatta, shuncha kuchlilar orasidan g‘olib bo‘lishning o‘zi bo‘lmaydi. Bilim, ahillik va jamoa bo‘lib ishlash o‘z natijasini bergan va g‘oliblik quvonchiga erishgan Surxondaryo viloyatining Agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining “Termiz forever” jamoasiga yuzlandik:
— Ushbu o‘yin albatta, ko‘tarinki kayfiyatda va bahslarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Biz bu o‘yinda nafaqat g‘olib bo‘lganimizdan, balki qatnashganimizdan xursand bo‘ldik. Bu kabi intellektual o‘yinlar yanada ko‘proq o‘tkazilishini istardik. Chunki bu o‘yinda qatnashgan barcha yoshlar bilan tanishib, ularning bilim-salohiyatlarini ko‘rdik. Eng muhimi, biz qishloq xo‘jaligi sohasidagi bitta jamoa ekanimizni his qildik va buning uchun barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz!
Yoshlik shijoati, bilim va ishonchni o‘zida mujassam etgan “Agrar soha yoshlari” respublika forumi nihoyasiga yetdi. Biz esa fursatdan foydalanib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va mana shu o‘yingacha yetib kelgan barcha jamoalarni tabriklaymiz!
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: