Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi global miqyosda rivojlanib borayotgan tarmoqlardan sanaladi. Har bir davlatdagi hayot davomiyligi, aholi farovonligi va bandlik masalalari ayni agrotarmoq bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun hamma davrda davlat ushbu soha rivoji uchun doim mas’ul va g‘amxo‘r bo‘lgan. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas.
Mamlakatimiz bu borada ko‘p asrlik tarixga ega. Dehqonchilik va yer bilan ishlash ota-bobolardan meros. To‘g‘ri, ko‘pgina ekin turlari, o‘simlik navlari zaminimiz iqlim sharoitiga moslashtirildi, seleksiya natijasida milliy navlar yaratildi. Bu yaxshi. Lekin 5-10 yildan keyin soha qanday o‘zgarishlarga yuz tutishi mumkin? Bu borada jahondagi vaziyat qaysi tarafga qarab o‘zgarishi mumkin? Suv va mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish agrotarmoq taraqqiyotiga xizmat qiladimi? Bundan tashqari bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar tom ma’noda tizim kelajagi uchun poydevor vazifasini o‘tay oladimi? Savollar bisyor. Mana shu yo‘nalishda esa tinim bilmay ishlash darkor.
So‘nggi yillarda faqat qishloq xo‘jaligi transformatsiyasiga qaratilgan bir necha qonuniy hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilgani ham qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar qanday ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib turibdi. Bu to‘g‘ri. Lekin soha vakillari, turli yo‘nalishlarda agrotarmoqni taqdim etayotgan mutaxassislar mana shu o‘zgarishlarga tayyormi? Haqli savol. Chunki barcha o‘zgarish va yangilanish, avvalambor, eng quyi bo‘g‘indan boshlab natija bersagina yuqoridagi savollarga javob berilgan bo‘ladi.
Shu va boshqa muhim masalalar Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov hamda Yevropa Ittifoqining agroyo‘nalishdagi yetuk eksperti Adrian Nil hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida muhokama markazidan o‘rin oldi.
Galstuklar yechildi, oq yoqalar o‘rniga ishchi libosi kiyildi. Bu yerda real voqelikning amaliy natijalari muhokama uchun o‘rtaga tashlandi. Vazirlik mas’ullari, soha mutaxassislari va Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish mutasaddilari tarjimonsiz bir tilda gaplasha oldilar. Bu aslida bir-birini to‘g‘ri anglash formati edi. O‘zbekiston mintaqada agrosalohiyati yetuk mamlakat. Buni ko‘z-ko‘z qilib emas, soha ertasi, yurt rivoji, aholi ma’murligi uchun foydalanish manbasiga aylantirish lozim. Organik qishloq xo‘jaligi, dunyoga O‘zbekiston mahsuloti brendi targ‘ibotini tarqatish va eng asosiysi, 2030-yilga qadar sohani strategik rivojlantirish masalalari ishtirokchilar tomonidan tahlil qilindi.
Adrian Nil transformatsiya va aqlli qishloq xo‘jaligi borasidagi fikrlarini o‘rtaga tashladi. Aziz Voitov sohani raqamlashtirish, vertikal boshqaruvning amaliy ustuvorliklari hamda xodimlarning o‘z ishiga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirish orqali natijaga erishish kabi yo‘nalishlarda o‘z fikrlarini bayon qildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbar xodimlari, yevropa Ittifoqi dasturi mas’ullari ayni strategik rivojlantirishning asoslari bo‘yicha o‘z qarashlarini erkin hamda asoslantirilgan dalillar bilan aytib o‘tdilar. Muhokama, munozara hamda o‘ziga xos tortishuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Bu ijobiy ma’nodagi fikr almashish bo‘lib, soha taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ishni to‘g‘ri tashkil qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Noformal uchrashuv uchun Toshkent viloyati, Qibray tumanida barpo etilgan bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tanlandi. Bejizga emas. O‘zbekiston yaqin 5-7 yil atrofida xorijlik sayyohlarga gastronomik turizm yo‘nalishini taqdim etib kelyapti. Bu borada vazirlikning ham o‘z startegiyasi bo‘lishi, organik oziq-ovqatdan tashqari, mahsulotni dalada tatib ko‘rish, xaridni ham shu yerning o‘zida amalga oshirish imkonini beruvchi loyihalarni ishlab chiqishga bu kabi yig‘ilishlar zamin yaratishi ta’kidlandi. To‘g‘rirog‘i, vazirlik bu borada ham tegishli ishlarni olib borishi belgilab olindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: