Agrar sohada amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy islohotlar va tarmoqni kelgusida rivojlantirish istiqbollari fermer xo‘jaliklarini har tomonlama rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga bog‘liq bo‘lib bormoqda. Buni davriy statistik maʼlumotlar, faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirish va ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilma muassasalarni yana-da takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar dalil sifatida xizmat qilishi mumkin.
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi “Boyovut naslli quyonlari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Qurbonali Norbo‘tayev o‘zining fermer xo‘jaligida bir nechta faoliyat turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Xususan, ayni damda fermer xo‘jaligida qo‘y, qoramol, ot hamda tuyaqush boqilmoqda. Jumladan, fermer xo‘jaligidagi tuyaqushlar bundan 3 yil oldin olib kelingan bo‘lsa, hozirgi kunda tuxum ochirish jarayoni kechmoqda.
Tuyaqushlar inson tomonidan xonakilashtirilgan eng yirik parrandalardir. Aslida jazirama Afrika savannasini vatan tutgan tuyaqushlar keyinchalik uzoq Yevropa hududlarigacha yetib borgan. Tuyaqush boqish va ko‘paytirish daromadli biznes hisoblanadi. Parrandaning go‘shti, tuxumlari, yog‘i va hattoki tirnoq, patlariga ham bozorlarda talab katta.
Tuyaqushlar o‘zlarining yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turishadi. Bir urg‘ochi tuyaqush yiliga 40 dan ziyod jo‘ja ochadi, ularning ayrimlari 10 oylik yoshida 100 kg tirik tana vazniga ega bo‘ladi. Bir yilda 1 juft tuyaqushdan o‘rtacha 1800 kg go‘sht, 50 m2 teri va 36 kg pat olish mumkin.
Qurbonali Norbo‘tayev: “Tuyaqushni olib kelganimga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa, 2-yil tuxumga kirdi, 3-yilga kelib esa, tuxum ochiryapmiz. Tuxum hamda jo‘jalarini sotib kelmoqdamiz. Tuyaqushga makkajo‘xori doni bilan beda solib qo‘ysa kifoya, bir kunda umumiy hisobda 2 kg ozuqa yeydi. Xohlagan o‘tni bersangiz yeyaveradi. Bedami, ajriqmi, farqi yo‘q – tuyaqush yeyaveradi. Juda beozor jonzot ekan. Olib kelganimdan beri umuman kasal bo‘lgani yo‘q. 2-3 kunda bir tuxum qo‘yayapti. Tuyaqushni Boyovut tumanidan, Sirdaryo shahridan olib kelganman. Tuyaqush 20° sovuqqa, 70° issiq ob-havoga chidamli hisoblanadi. Misol uchun o‘tgan yili tuyaqushlarimiz tashqarida, qorli sharoitda turdi. Kasalliklarga qarshi hali biror marta ukol qilganim yo‘q. Bular o‘zini o‘zi davolaydi”.
Xalqaro standartlarga ko‘ra, inson organizmi sog‘lom bo‘lishini istasa, bir yilda 90 kilogrammgacha go‘sht iste’mol qilishi, shuning kamida 5 foizi quyon go‘shti bo‘lishi kerak. Xo‘sh, ayni paytda jahon bozorida quyon go‘shtiga talab ortib borayotgan bir paytda, uning boshqa foydali jihatlari nima uchun mazkur tarmoqni taraqqiy ettirishi mumkin emas? Qurbonali Norbo‘tayev ham fermer xo‘jaligida quyonchilik tarmog‘ini rivojlantirmoqda. Chunonchi, birgina Flandr zotli quyonlarni 5000 taga yetkazgani diqqatga sazovor.
Qurbonali Norbo‘tayev: “Ko‘rib turganingiz Flandr zotli quyon bo‘ladi. Bu quyon turidan ko‘p go‘sht olsa bo‘ladi, ammo bola kam beradi. Yangi Zelandiya oq quyoni ham go‘shtga, ham naslga yaxshi hisoblanadi. Flandr quyonini olib kelganimizdan beri 5000 taga ko‘paytirdik. Bu quyon go‘shti tanadagi saqlanib qolgan kimyoviy moddalarni yo‘q qiladi. Oshqozonga shifo, qondagi xolestirin miqdorini kamaytiradi. Quyonga har 6 oyda ukol qilib turilsa, tez o‘sadi. Bu quyonlar juda tez bolalaydi, har gal 8-10 tadan tug‘adi”.
Qishloq xo‘jaligi sohasida hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan fermerlikning rivojlanishi o‘z natijalarini bermoqda. Shuni taʼkidlash joizki, respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari sifat jihatdan ham maʼlum ijtimoiy iqtisodiy yutuqlarga erishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: