O‘rta Osiyoda dehqonchilik jarayonlarini mexanizatsiyalash tarixi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Institut mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash jarayonlarining dolzarb masalalarini hal etishga qaratilgan muhim nazariy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni bajarish, olingan natijalarni konstruktorlik byurolari, mashinasozlik korxonalari, mashina-traktor parklari, texnik servis tashkilotlari, klasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari ishlab chiqarishiga joriy qilish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunga kelib, institut hududida kichik ishlab chiqarish quvvati tashkil etildi. Ushbu majmuani tashkil etish 2023-yilda Global ekologik jamg‘armaga qarashli kichik grantlar dasturi asosida tuzilgan loyiha mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Bu yerga zamonaviy texnika o‘rnatilgan bo‘lib, ular qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish uchun xizmat qiladi. Bu sexni ishga tushirishdan asosiy maqsad institut olimlari tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarning tajriba nusxalarini yasab, kichik partiyalarda ishlab chiqargan holda, fermerlarga, klasterlarga yetkazib berishdan iborat. O‘z navbatida bu qishloq xo‘jaligiga yangicha yondashuvni anglatadi. Yangicha texnologiyalarni qishloq xo‘jaligida joriy etish orqali hosildorlik, shu jumladan mehnat unumdorligi ham bir muncha oshadi.
Abdukarim Abdurahmonov, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti Ekish va o‘simliklarni parvarishlash laboratoriyasi rahbari: “Bu yil institutimizda BMT qoshidagi Global ekologik jamg‘armaga qarashli bo‘lgan kichik grantlar dasturi asosida loyiha tuzdik. Shu loyiha mablag‘lari hisobidan kichik seximizni tashkil etdik. Unga plazma yordamida kesadigan stanok, raqamli texnologiyalar bilan ishlaydigan frezali stanok, tokarlik stanoklari o‘rnatildi va hozirgi kunga kelib bu seximiz ishga tushdi. Uni ishga tushirishdan maqsadimiz institutimiz olimlari tomonidan yaratilayotgan yangi ishlanmalarning tajriba nusxalarini yaratishdan iborat. Shuningdek ushbu ishlanmalarni biz keyinchalik fermerlarga, klasterlarga yetkazib berish niyatimiz bor. Joriy yilgi rejamiz bo‘yicha 3 ta seyalka, shuningdek, 1 ta maydalagich ishlab chiqamiz. Kelasi yil esa, bularning sonini 10 ta seyalka hamda 3 ta maydalagichga chiqarish niyatimiz bor”.
Institut 1931-yilda tashkil topgan bo‘lib, 2019-yilda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti negizida qayta tashkil etilgan.
Institutda paxtachilik, donchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, sabzavot-polizchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarni kompleks mexanizatsiyalash darajasini oshirishga qaratilgan va bir qancha vazifalar amalga oshiriladi.
Davron Norchayev, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutini direktori maslahatchisi: Institutimiz tashkil etilganiga 91 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt oralig‘ida 300 dan ortiq ishlanmalar yaratilgan bo‘lib, shundan 100 ga yaqini amaliyotga tatbiq etilgan. So‘nggi yillarda institutimizda juda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, kichik ishlab chiqarish quvvati ochildi. Institutimiz 80 gektar tajriba maydoniga ega bo‘lib, unda olimlarimiz tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarning tajribalari o‘tkaziladi. Shuningdek, institutimizning 5 ta viloyatda innovatsion texnoparklari mavjud. Ilmiy kengashimiz tomonidan har yili 10 ga yaqin ilmiy-tadqiqot ishlari yakunlanib, pedagog kadrlar tayyorlanmoqda. Hozirda 40 ga yaqin tayanch doktoronatlarimiz izlanish olib bormoqda.
Umuman olganda, institutda tashkil etilgan mini sexdagi zamonaviy dastgohlar va asbob-uskunalar jamlanmasi institut olimlari tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda respublikamizning dehqon-fermerlariga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: