Zamonaviy geografik axborot tizimlari va masofadan zondlash texnologiyalari soha yo‘nalishlari bo‘yicha yagona fazoviy maʼlumotlar bazasini shakllantirish, tizimlashtirish, saqlash, tahlil va tezkor qarorlar qabul qilishning imkoniyatlarini kengaytirmoqda va bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligining integratsiyalashgan Geoaxborot tizimi ishlab chiqilgan.
Joriy yilning 23-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tegishli tizim tashkilotlari uchun hududlarga maxsus ishlab chiqilgan qishloq xo‘jaligi geoportallaridan foydalanish mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminar tadbirida Vazirlikning mutaxassislari ishlab chiqilgan Geoaxborot tizimi va uning negizida yaratilgan 13 ta hududlarning geoportallari, maʼlumotlar to‘plamlari va yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ishtirokchilarga tushunchalar berishdi.
Geoportallar – fazoviy maʼlumotlar resurslarini vizual ko‘rish va foydalanish uchun eng qulay servis hisoblandi.
Geoportalda hududlardagi yerdan foydalanuvchilar, yer chegaralari, konturlar va ekinlariga oid, tuproq, 8 ta asosiy ekinlar monitoringi, shu jumladan, kosmik suratlarning tahlillari bo‘yicha ekinlar vegetatsiyasi, tuproq va o‘simlik namligi, o‘simlikdagi azot miqdori to‘g‘risidagi maʼlumotlar joylashtirilgan.
Tizimda elektron maʼlumotlar almashinuvi doirasida qator vazirlik va idoralarning maʼlumotlari bilan birga tizimdagi “O‘zdavyerloyiha” DILI, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” DUK hamda “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” DMning maʼlumotlarini doimiy tarzda aks ettirilishi va yangilab borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Seminarda yaratilgan geoportallarning imkoniyatlari to‘g‘risida onlayn taqdimot o‘tkazildi, qo‘shimcha vositalar va avtomatik hisobotlarni takomillashtirish takliflari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun aytish mumkin, tizimga ulanish havolasi Vazirlikning rasmiy veb-sayti www.agro.uz – Axborot tizimlari – Geoaxborot tizimi – Davlat idoralari uchun manzilida joylashtirilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi yer va ekin maydonlari to‘g‘risidagi batafsil, ochiq va shaffof maʼlumotlar va hisobotlarni zamonaviy geoportallar orqali taqdim etish foydalanuvchilarning ish samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: