Sirdaryo viloyati nafaqat sanoat ishlab chiqarishi, balki chorvachilik, jumladan parrandachilikda ham peshqadamlar safida. Bunga Xovos tumanida bo‘lib qaytgan ijodiy guruhimiz ham guvoh bo‘ldi.
Xovos – Sirdaryoning ilg‘or tumanlaridan. Bu yerda qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan. Agrar sohaning yirik mustahkam ustunlaridan bo‘lmish chorvachilikda ham ancha ishlar bajarilgan. Davlat tomonidan berilgan imtiyozlar, keng imkoniyatlar va qulay sharoitlardan foydalanib yangidan-yangi fermalar, chorvachilik, parrandachilik xo‘jaliklari ochilmoqda.
Otaboy Qurbonboev, Xovos tumani Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi chorvachilik bo‘limi boshlig‘i:
“Hozirda Xovos tumanida 58 ta chorvachilik fermer xo‘jaligi mavjud. Ulardan beshtasi parrandachilikka ixtisoslashgan. Bu yil chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha jami 18,5 mln. dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar 9 ta loyiha ishga tushirildi. Ko‘rib turganingizdek, yirik parrandachilik xo‘jaliklari ishga tushirilib, faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bunga “Polietilen farm” korxonasi misol bo‘la oladi. O‘tgan yil 5 mln.lik kredit olib, katta ish boshladi. Har oy 90-100 ming bosh jo‘jani go‘shtga topshiradi. Korxona boshqa tumanlarda ham o‘z filiallariga ega.
Xovos tumanida yana “Shuhrat-servis” parrandachilik xo‘jaligi mavjud, u yerda 200 bosh tuyaqush boqib ko‘paytirilmoqda. Asosan tuxum yetishtirib, aholi dasturxoniga yetkazib bermoqda”.
Tovuq go‘shti – xalqimizning sevimli oziq-ovqat mahsulotlaridan. U nafaqat ta’mi, ozuqaviy xususiyatlari, balki parhyezbopligi tufayli ham xaridorgir sanaladi. Qolaversa, tovuq barakali bo‘ladi – tez yetilib, qisqa fursatda katta daromad ko‘rish imkonini beradi. Xovos tumanidagi “Polietilen farm” xo‘jaligidagi parrandachilik fermalari bunga misol bo‘ladi.
Umidjon Sultonov, “Polietilen farm” ishchisi:
“Korxonamiz 2022-yilda ishga tushgan. Hozirda o‘n nafar ishchi uchun sharoitlar yaratilgan. 80-90 ming bosh jo‘jamiz bor. Ular 45 kunda kerakli vaznni to‘playdi va go‘shtga topshirishga tayyor bo‘ladi. Har gal taxminan 250 tonna go‘sht topshiramiz, asosiy xaridorlarimiz Yangiyo‘l, Guliston qayta ishlovchi korxonalaridir. Shundan keyin, to yangi jo‘jalar keltirilgunga qadar 30 kun davomida tozalash, dezinfeksiyalash ishlari o‘tkaziladi. Jo‘jalar asosan Toshkent viloyatining “Mayskiy” qishlog‘idan keltiriladi. Shundan keyin yangi sikl boshlanadi. Tovuqlarga antibiotik berilmaydi, faqat kuchli ozuqa berilgani uchun tovuqlar tezroq yetiladi”.
Ha, tovuq yetishtirish, parhyez go‘sht tayyorlashning ham o‘z sir-asrorlari, o‘ziga xos texnologiyalari mavjud. Ularga rioya etgan tadbirkorgina ko‘zlangan maqsadlarga erishadi va mo‘l daromadga ega bo‘ladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: