Tok – qimmatbaho subtropik o‘simlik hisoblanadi. Uning mevasi parhezlik va oziqalik jihatidan inson organizmi uchun eng zarur mahsulot hisoblanadi. Pishib yetilgan uzum tarkibida, ayniqsa kishmish navlarida 28-30 %gacha organizm tomonidan tez o‘zlashtiriladigan qandlar, glyukoza, fruktoza va saxaroza bor.
Yangi uzilgan uzum tarkibida inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan olma, vino, limon, qahrabo, shavel, chumoli va boshqa bir qancha organik kislotalar, kaliy, kalsiy, fosfor, natriy kabi mineral tuzlar, meva po‘sti tarkibida rang beruvchi pigmentlar, dubl moddalar bor.
Tok uchun tuproq sharoiti eng zarur omillardan biri hisoblanadi. Tokzorlarni barpo qilishda tuproq bonitirovkasi, ya’ni tuproqning granulometrik va kimyoviy tarkibi, skeleti, karbonatliligi, sho‘rlanganlik darajasi va h.k. inobatga olinadi.
O‘zbekiston sharoitida tok uchun mexanik tarkibi yengil, qumloqli, unumdor va sug‘oriladigan yerlar qulay. Meliorativ holati yaxshilangan sho‘rlangan, yer osti suvi yuzada bo‘lgan, tosh-shag‘al, daryo o‘zanlariga yaqin bo‘z va o‘tloq tuproqlar ham tok o‘stirish uchun yaroqli hisoblanadi.
Yer osti suvi o‘ta yuza (0,5-1 m) yerlarda ularning zaxi maxsus zovurlar yordamida qochirilgandagina tok o‘stirish mumkin. Yer osti suvining chuqurligi kamida 2,5-3 m bo‘lgan yerlar tok uchun qulay hisoblanadi. Tuproq qatlami 40-50 sm bo‘lgan tosh-shag‘alli yerlarda maxsus agrotexnika tadbirlari (organik o‘g‘itlar solish, ko‘kat o‘g‘itlardan foydalanish, yerni chuqur ag‘darib haydamaslik va h.k.) asosida tok ekib yaxshi va sifatli hosil olish mumkin.
Bunday yerlarda nam ko‘p to‘planmaydi, havo yaxshi almashinadi, issiqlik ko‘proq to‘planadi, uzum ertaroq pishib, qand moddalari ham ortiqroq bo‘ladi. Tok boshqa mevali o‘simliklarga nisbatan tuproq sho‘riga chidamliroq hisoblanadi. Tok ildizining asosiy qismi tuproqning bir metrlik qatlamida taralib o‘sadi.
O‘simlik uchun zararli tuzlar ham xuddi shu qatlamda to‘planib, o‘simlikni nobud qilishi mumkin. Tuzlarning quruq tuproqqa nisbatan umumiy miqdori 0,3-1% gacha, jumladan xlor 0,01% dan kam yoki tuzlar 0,3% dan kam, xlor 0,01% dan ko‘p bo‘lgan tuproqlar kuchsiz sho‘rlangan hisoblanib, tok uchun xavf tug‘dirmaydi. Agar tuzlarning miqdori 1-3%, jumladan xlor 0,01-0,2% yoki tuzlar 0,3-2%, xlor esa 1% dan ortiq bo‘lsa, tuproq kuchli sho‘rlangan hisoblanib, o‘simlik uchun halokatli ta’sir ko‘rsatadi.
“Saperavi”, “Bihishti”, “Rizling”, “Toifi”, “Qora kishmish” kabi navlar sho‘rga chidamliroq; “Husayni”, “Chillaki”, “Oq kishmish”, “Venger muskati”, “Pushti muskat” kabi navlar esa sho‘rga chidamsizroq hisoblanadi. Tok o‘stirishda tuproqning kimyoviy tarkibi muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa karbonatli tuproqlarda uzum hosili va undan tayyorlanadigan mahsulotlar sifatliroq bo‘ladi. Tok kuchsiz nordon va neytral tuproqlarda (pH-5-7) yaxshi, nordon tuproqlarda esa yomon o‘sadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: