Tritikale – bug‘doy va javdar xususiyatlarini mujassam etgan o‘simlik, g‘alla ekini. Tritikalening kuzgi va bahorgi shakllari mavjud. Ildizi yaxshi rivojlangan, tuproqqa 1,5-2,0 m gacha kirib boradi, murtak ildizlari 6 ta, poyasi nisbatan baland (90-150 sm), boshog‘i uzun (10-15 sm), doni yirik. Boshog‘ining tashqi gul qobig‘ida qiltanoq o‘sadi. Tritikale 5°С va undan yuqori haroratda una boshlaydi, 20°С maqbul hisoblanadi. Kuzda ekiladi. Ekilgandan keyin 5-7 kunda unib chiqadi. Tuplanish davri kuzda boshlanib, bahorda davom etadi, qishda 18-20°С sovuqqa chidashi mumkin. O‘zbekistonda ekiladigan navlarining amal davri 165-200 kun, o‘zidan va chetdan changlanadi. Tritikale yorug‘sevar, uzun kun, namsevar o‘simlik. Unish paytida, nay o‘rash, donlanish va to‘lishish davrlarida suvni ko‘p talab etadi. Tuproq unumdorligiga talabchan emas, yer tanlamaydi, lekin sho‘rlangan, botqoqlangan tuproqlarni yoqtirmadi. Tritikale doni to‘yimliligi bo‘yicha bug‘doy va javdarga nisbatan yuqori. Donida 11-12 %, pichanida 10-11% oqsil bor. Non pishirish uchun sifati bug‘doydan past. Zamburug‘li va virusli kasalliklarga bardoshli.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda tritikalening 6 navi yetishtiriladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: