Yasmiq – 5-50 sm balandlikdagi bir yillik o‘simlik. Uning poyasi ingichka 4 qirrali asosan tik, baʼzida esa yotib o‘suvchi, mayda tukli, qizg‘ish rangli va ildizi kam shoxlanuvchi o‘q ildizdan iborat. Barglari murakkab, qo‘sh qanotli, pastkisi 2-3, yuqorisidagi 4-8 juftli. Bargchalari oval shaklda.Yasmiq o‘z-o‘zidan changlanuvchi o‘simlik, lekin tabiiy sharoitda duragaylari ham uchrab turadi. Bu holatni asosan qurg‘oqchilik davrlarida kuzatish mumkin. Gul kosachasi kapalaksimon shakldagi 5 ta tojbargdan iborat: yelkancha, 2 ta bargchadan paydo bo‘lgan 2 ta qanot va qayiqcha. Changchilari 10 dona, bittasi erkin, onaligi boshidan oxirigacha yapaloq shaklda, egilgan va tukli. Tumshuqchasi kichkina. Yasmiqning turli shakl va navlarida o‘sish davri 60 kundan 110 kungacha o‘zgaradi.
Yasmiq issiqsevar o‘simlik bo‘lib, uning urug‘i 3-4°С haroratda o‘sa boshlaydi, lekin tez va qiyg‘os maysa olish uchun tuproqning 10 sm li qatlamidagi harorat 7-10°С darajada bo‘lishi kerak. Yasmiqning urug‘i havo harorati 12-15°С bo‘lganda 6-7 kunda, 9-11°С bo‘lganda 8-9 kunda, 7-8°С bo‘lganda 10-12 kunda, 5-6°С bo‘lganda 13-15 kunda unib chiqadi. Yasmiqning maysalari qisqa muddatli -5-6°С sovuqqa bardoshli, lekin o‘sish davrining keyingi bosqichlarida bu xususiyati kamayib boradi. O‘simlik unib chiqqandan gullash davrigacha namlikka talabchan bo‘lishi kuzatiladi va o‘simlik gullashidan urug‘larning pishib yetilishigacha bo‘lgan davrda esa qurg‘oqchilikka bardoshli bo‘lib, namlikka talab kamayadi. Yasmiq qora, bo‘z va o‘tloqi tuproqlarning qumoq va qumloq yengil mexanik tarkibli tuproqlarida yuqori hosil beradi. Kuzgi yasmiqni kuzgi boshoqli don ekinlaridan – kartoshka, makkajo‘xori, qand lavlagidan keyin ekish yaxshi samara beradi. Dukkakli o‘simliklar ekilgan maydonlarga ekish tavsiya qilinmaydi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda yasmiqning 3 navi yetishtiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: