Maxsar – murakkab guldoshlarga mansub bir, ikki va ko‘p yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, moyli ekin. Vatani – Efiopiya va Afg‘oniston. Bir yillik issiqsevar, qurg‘oqchilikka juda chidamli ekin. Bo‘yi 60-120 sm, poyasi silliq, barglari nashtarsimon, tikanli va tikansiz. To‘pguli savatcha, sariq, jigarrang. Mevasi pista, urug‘i oqish. 1000 dona urug‘i vazni 25-50 g. Asosan chetdan changlanadi. O‘suv davri 95-135 kun. Tuproq tanlamaydi. Urug‘i 1-2° da una boshlaydi, maysalari -6, -7° sovuqqa bardosh beradi. Urug‘i tarkibida 47-61% gacha oziq-ovqatga ishlatiladigan moy bor.
Maxsar almashlab ekishda kuzgi bug‘doy va makkajo‘xoridan keyin ekiladi. Yer kuzda 25-30 sm chuqurlikda haydaladi. Urug‘i kech kuzda yoki erta bahorda qatorlab (qator orasi 30-45 sm) ekiladi. 1 ga maydonga 6-10 kg urug‘ sarflanadi. O‘suv davrida o‘toq qilinadi, kultivatsiyalanadi (1-2 marta). 2 marta mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Urug‘i to‘la yetilganda don kombaynida o‘rib-yig‘ib olinadi.
Hosildorligi: 8-14 s/ga va undan ortiq.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda maxsarning 5 navi yetishtiriladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: