Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev boshchiligida ishchi guruh soha olimlari ishtirokida sayyor seminar tashkil etdi. Asosiy maqsadlardan biri – Xorazm viloyatining Xonqa, Yangiariq, Bog‘ot, Xazorasp va Tuproqqal’a tumanlarida 2022-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda innovatsion va resurstejamkor usullarni tadbiq etishdan iborat bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari va klasterlarning 1500 dan ortiq rahbar va xodimlariga qishloq xo‘jaligi agrotexnologiyalarini takomillashtirish, tuproq unumdorligini oshirish, zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish borasida tushintirish ishlari olib borildi. Shuningdek, boshoqli don, sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli, moyli ekinlar va paxtadan yuqori hosil olishda Xorazm viloyati tuproq va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda yuqori hosilli eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini tanlash borasizda amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, “Xorazm paxta urug‘chiligi” MChJning Bog‘ot va Xonqa tumanlarida joylashgan 3 ta urug‘lik tozalash sexlarida ham mutaxassislarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib, ushbu sexlarning urug‘ saralanib, dorilash ishlari o‘rganildi va bu borada ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Seminar ishtirokchilari o‘z savollariga soha olimlaridan javob va qimmatli tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘lishdi:
G‘alla maydonlarida zararkunandalarga qarshi kurash chora-tadbirlari bo‘yicha ma’lumot berish so‘ralganida, so‘ruvchi hashoratlarga qarshi insektitsidlar bilan, bug‘doyning naychalash davrida shilimshiq qurt, boshoqlash davrida zararli xasvaga va shiralarga qarshi kimyoviy ishlov berilishi aytildi.
Shuningdek, g‘alla maydonlarida mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish me’yorlari to‘g‘risida savolga javob berildi. Aynan esa boshoqli don ekinlarining o‘suv davrida 3 marta tabaqalashtirilgan holda azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya etildi. Jumladan, bug‘doyning erta bahorgi tuplash davrida 150-200 kg/ga, naychalash davrida 350-400 kg/ga va boshoqlash davrida 150-200 kg/ga oziqlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Suv taqchilligi sharoitida kuzgi boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil olish uchun qaysi turdagi resurs tejamkor texnologiyalar yuqori samara berishi borasida ham savol berildi. Sug‘orish suvlarini 40-50 foizgacha tejashga imkon beruvchi yomg‘irlatib, aerozol sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash maqsadga muvofiq ekani aytildi. Ushbu sug‘orish texnologiyalari don hosildorligini 15-20 foizga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, tadbirlar chog‘ida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani tajribasi va Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda eksportbop xo‘raki uzum navlarini Xorazm viloyatiga moslashtirish, mahalliy uzumlarga eksportbop navlarni payvandlash va yetishtirish choralarini ko‘rish belgilandi.
Bog‘ot va Oltiariq tumanlari mutaxassislari ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga kelishib olishdi: Oltiariq tumanining tajribali mirishkorlari Bog‘ot tumani mutaxassislarini uzumning yuqori navlarini yetishtirish borasida o‘qitishadi va ularni qo‘llab-quvvatlashadi.
Yana bir savol paxtadan yuqori hosil olish uchun ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni qo‘llash borasida bo‘ldi.
Soha mutaxassislari viloyat tuproq-iqlim sharoiti uchun mos bo‘lgan serhosil va tola sifati yuqori, sho‘rlanishga va qurg‘oqchilikka chidamli g‘o‘za navlarini tanlash va oqilona joylashtirish bo‘yicha tavsiya berishdi.
Bundan tashqari, hududda suv resurslari taqchilligini inobatga olgan holda paxta yetishtirishda suv va resurstejovchi tomchilatib, diskret va plyonka ustidan sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish hamda egat orqali sug‘orish usuli elementlarini takomillashtirish maslahat berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: