- Axborotdan foydalanuvchi ochiq hayʼat majlislarida qatnashish uchun vazirlikka so‘rov bilan murojaat qiladi. So‘rov O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar ko‘rsatilmagan so‘rovlar anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.
- Axborotdan foydalanuvchi ochiq hayʼat majlisida qatnashish uchun vazirlikka so‘rov bilan murojaat qilgan taqdirda, ushbu so‘rov shu kunning o‘zida maxsus jurnalda ro‘yxatga olinadi va zudlik bilan ko‘rib chiqiladi. Mazkur jurnal O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hayʼati masʼul kotibi tomonidan yuritiladi.
- So‘rovga asosan hayʼat masʼul kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq hayʼat majlisida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritadi hamda bu haqda uni xabardor qiladi. Ochiq hayʼat majlisining o‘tkazilish sanasi, vaqti yoki joyi o‘zgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchilarga maʼlum qilinadi.
- Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
- Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisiga kelmagan taqdirda, hayʼat masʼul kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qo‘yiladi.
- Ochiq hayʼat majlisining o‘tkazilishi rejalashtirilgan zalning tashkiliy-texnik imkoniyatlari hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ular uchun joy tayyorlanadi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisi o‘tkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilar sonining ko‘pligi sababli, ularni ochiq hayʼat majlisi o‘tkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular ochiq hayʼat majlisining borishini video tasvir orqali moneleksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan xonaga joylashtirilishi mumkin.
- Ochiq hayʼat majlisida ishtirok etish istagini bildirgan axborotdan foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish majlis o‘tkazilishi rejalashtirilgan kunga bir ish kuni qolganda to‘xtatiladi.
- Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisi boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, ro‘yxatdan o‘tishi va belgilangan joyga o‘tirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar hayʼat yig‘ilishiga raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi eʼlon qilingandan so‘ng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va hayʼat majlisiga kiritilmaydi.
- Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisining tasdiqlangan Reglamentida belgilangan tartibda majlisda hayʼat aʼzolariga savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
- Axborotdan foydalanuvchi tomonidan hayʼat majlislari davomida hayʼat majlisi muhokamasiga taalluqli bo‘lmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala bo‘yicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.
- Axborotdan foydalanuvchi hayʼat majlisi o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.
Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis o‘tkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan hayʼat masʼul kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
- Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq hayʼat majlisini fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
- Hayʼat majlisi bayonnomasida ochiq hayʼat majlislarida qatnashgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli maʼlumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: