Kirill alifbosida yuklab olish!
Janubiy dehqonchilik ilmiy – tadqiqot instituti tomonidan Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida g‘alla parvarishida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha TAVSIYALAR
Respublikada iqlimning keskin o‘zgarishi, qish faslining quruq sovuq kelishi, mart oyining birinchi yarmida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi va ikkinchi o‘n kunligida havoning keskin sovib ketishi natijasida g‘alla rivoji bir oz kechikishiga sabab bo‘ldi.
Bahor oylarining seryog‘in, havo haroratining past bo‘lishi g‘allazorlarda zamburug‘li kasalliklar, zararkunanda hasharotlar va begona o‘tlar keng tarqalishi ko‘p yillik tajribalarda kuzatilgan.
Gʻalla naychalash fazasiga 10-15 foiz o‘tganda sovuqqa chidamliligi biroz pasayib, -8-10 0С gacha sovuqqa chidamli bo‘lib, qisqa muddatli sovuqdan zararlanishi kuzatilmaydi.
Hozirgi kunda bahorning seryog‘in kelishi, mart oyining uchinchi o‘n kunligida havo harorati iliq kelishi tuplash va naychalash fazasida rivojlanayotgan g‘alla maydonlarining ozuqaga bo‘lgan talabini yanada oshiradi hamda eng ko‘p biomassa shu davrda hosil bo‘lishini hisobga olib bahorgi ikkinchi oziqlantirishni 1-5-aprel muddatida yakunlash talab etiladi.
Bahorgi ikkinchi oziqlantirish o‘tkazilgan g‘alla maydonlarini peshma-pesh sharbat usulida sug‘orish tavsiya etiladi. Bahorgi uchinchi oziqlantirishni aprel oyining 25-30-sanasiga qadar yakunlash lozim.
Ma’lumki, g‘allazorlarda uchraydigan kasalliklar sporalari, zararkunanda hasharotlar imogalari, urug‘lari (tuxumlari) va lichinkalari dala chetlarida, uvvatlarda, sug‘orish va zovur tarmoqlari qirg‘oqlarida saqlanib qolib, aksariyat yillarda kuchli sovuq ta’sirida nobud bo‘lishi kuzatilgan.
Kuzgi-qishki mavsumda havo haroratining nisbatan iliq va quruq kelishi g‘alla rivojining yaxshilanishi bilan birga, kasallik va zararkunanda hasharotlarning ham nobud bo‘lmasdan qishlab chiqishiga qulay zamin yaratdi.
Shuni inobatga olgan holda, barcha g‘alla maydonlari atroflarini xas-hashaklardan tozalash ishlarini yakunlash va oltingugurt kukuni bilan ishlash o‘ta muhim tadbir hisoblanadi.
Bahorning seryog‘in kelishi g‘alla maydonlaridagi turli begona o‘tlar yaxshi rivojlanishi, ayniqsa yovvoyi suli, raygrass kabi ko‘p yillik g‘allasimon begona o‘tlarning 10-12 tagacha tuplaganligi kuzatilmoqda.
Shuning uchun, begona o‘tlarning g‘allaga nisbatan 2-3 barobar ko‘p ozuqa, suv va suvda erigan moddalarni o‘zlashtirishini inobatga olgan holda, begona o‘tlarning tarqalish joylari va turlarini aniqlash, bir yillik va ko‘p yillik begona o‘tlarning turlariga alohida e’tibor bergan holda gerbisidlar qo‘llash lozim.
Boshoqli don ekinlari rivojini yaxshilash, qo‘shimcha tuplashini ta’minlash maqsadida mart oyining uchinchi o‘n kunligida karbamidli suspenziya berish zarur. Erta bahorda g‘alla ekinlari qo‘shimcha oziqlantirishga ehtiyoji yuqori bo‘ladi, shu kabi begona o‘tlarning ham avj olib o‘sishi, zararkunanda hasharotlar va kasalliklarning g‘alla maydonlarida aynan shu davrda jadal rivojlanishini inobatga olib suspenziyaga insektisid, fungisid va gerbisidlarni qo‘shib ishlatish muhim ahamiyatga ega.
Gʻalla ekinlari bahor mavsumida har 7-10 kunda kamida bir marta zararkunanda hasharotlar, kasalliklar va begona o‘tlarning tarqalish holatini muntazam nazoratdan o‘tkazib borish lozim.
Bunda, bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi Gromstor; Dalstar, Tayfun, gerbisidlarini har gektariga 20 g; Granstar plyus, 50% s.e.g. 30 g; Serto plyus, 25% s.e.g. 0,1-0,15 kg; Derbi, 17,5% sus.k. 50-60 ml; Starane, 20% em.k. 0,75-1 l; Starane premium, 33% em.k. 0,5-0,6 l sarf me’yori hisobida purkash tavsiya etiladi.
Gʻallasimon bir urug‘ pallali bir yillik begona o‘glarga qarshi Topik (Dalzlak- T, Terdok), 8% em.k. 0,4 l; Ovsyugen ekstra, 17,5% em.k. 0,4 l; Al- maksan, 28,4% em.k. 2 l; Atlantis, 3,6% s.e.g. 0,25-0,3 kg gerbisididan ishlatish lozim. Bunda gerbisidlarni begona o‘tlarning buyi 7-10 sm bo‘lganda qo‘llash yaxshi samara beradi.
Sariq zang kasalligi ekinlarda erta boshlangan bo‘lsa, misol uchun bayroq barg chiqish fazasida (boshoq chiqish davrida) sariq zang rivojlanish darajasi o‘rtacha 50-60 foizga yetsa, don hosilining 33,5-39,4 foizi yo‘qotilishi mumkin.
Mart oyining ikkinchi o‘n kunligi oxiridagi nisbatan sovuq havo harorati zang kasalliklari sporasini jadal rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi. Sariq zang sporalari muz erish haroratidayoq (0 0С da) o‘sishni boshlaydi, 7-14 0С da qulay o‘sadi va o‘sishi 20-23 0С gacha davom etadi. Spora o‘simtalari bug‘doy bargi to‘qimalari ichiga harorat 2 0С va 23 0С (optimum 7-14 0С) orasida bo‘lganida kiradi. Yangi sporalar hosil bo‘lishi 5 0С va 20 0С orasida, eng qulay 12-15 0С haroratda kuzatiladi.
Zang kasalliklariga qarshi Alto Super, 33% em.k, 0,3 l; Bamper (Krest), 25% em.k. 0,5 l; Kolosal, 25% em.k. 0,3-0,5 l; Falkon, 46% em.k. 0,4 l; Impakt, 25% sus.k. 0,25-0,5 l; Konsul, 12,5% sus.k. 0,5-0,75 l fungisidlarini 200-300 litr ishchi eritma hisobida qo‘llash tavsiya etiladi.
Zararli xasvaning uyg‘onishi mart-aprel oylarida, o‘rtacha bir kecha-kunduzlik harorat 10-12 0С ga yetganda boshlanadi. Qishlov joyining o‘rtacha havo harorati 12-20 0С daraja bo‘lganda xasva g‘alla maydonlarida keng tarqalishni boshlaydi.
Xasvaning qishlab chiqqan bo‘g‘iniga qarshi kimyoviy kurash bug‘doyning tuplanish paytida har 1 m2 maydonga o‘rtacha 1-2 va undan ko‘p yetuk zot to‘g‘ri kelsa o‘tkaziladi. Yangi bo‘g‘iniga qarshi esa g‘alla boshoqlanishi bilan har 1 m2 maydonda 5-10 ta xasva lichinkalari to‘g‘ri kelganda o‘tkaziladi.
Zararkunanda hasharotlarga qarshi Karate (Killer, Kurash, Dalate, Lombardo), 5% em.k. 0,15-0,2 l; Desis (Delsis, Ekosis), 2,5% em.k. 0,25 l; Nurell-D (Siperfos, Agrofos-D, Duet, Tagril-D, Xlorsirin, 55% em.k. 0,5 l; Karbofos (Fufanon), 57% em.k. 1,5-2 l; Sumi-alfa (Esfen-alfa), 5% em.k. 0,2-0,3 l; Sumi-alfa (Esfen-alfa, Best- gol), 20% em.k. 0,07-0,08 l; Danadim, 40% em.k. 1,5 l sarf me’yorida 200-300 litr ishchi eritmada qo‘llash yaxshi samara beradi.
Yuqoridagi agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi kafolatli hosil olish uchun puxta zamin yaratadi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Janubiy dehqonchilik ilmiy – tadqiqot instituti mutaxassislarining tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: