Yerlarning sho‘rlanish darajasi va joyning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda sho‘r yuvish muddatlari, me’yorlari, necha marta yuvish zarurligini to‘g‘ri belgilashga alohida e’tibor berish muhim hisoblanadi.
Sho‘rlanmagan yerga nisbatan kuchsiz sho‘rlangan tuproqlarda hosildorlik 15-20 foizga, o‘rta sho‘rlanganda 30-50 foizga, kuchli sho‘rlanganda 70-80 foizga kamayishi ko‘p yillik ilmiy izlanishlarda isbotlangan. Shu bois, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash muhim omil bo‘lib, ekinlar hosildorligini keskin oshishiga sharoit yaratadi.
Sho‘rlangan yerlarda shudgorlash, yalpi va joriy yer tekislash ishlari o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilgandan so‘ng, tuproqning sho‘rlanish darajasiga qarab kuchsiz sho‘rlangan yerlar gektariga 2000-2500 kubometr, o‘rtacha sho‘rlangan yerlar gektariga 4000-4500 kubometr, kuchli sho‘rlangan yerlar 6000-6500 kubometr me’yorda suv sarflab yuviladi.
Kuchsiz sho‘rlangan yerlar 1 marta, o‘rtacha sho‘rlangan yerlar 2 marta va kuchli sho‘rlangan yerlar 3,4 marta yuviladi.
Tuproqning sho‘rini sifatli yuvish uchun uning mexanik tarkibi, suv o‘tkazuvchanligi, yerning nishabi va qay darajada tekislanganligiga qarab, 0,15-0,35 gektar kattalikda pollar olinadi. Buning uchun KZU-0,3 ariq qazigich-tekislagich yordamida har 50 metrdan 50-60 sm balandlikda uzunasiga marzalar olinadi, ikki uzun marza olingach, o‘qariqlar olinadi. Ko‘ndalangiga olinadigan marzalar orasidagi masofa 30-50 metr, cheklarning balandligi esa 50-60 sm bo‘lishi lozim.
Kuchli darajada sho‘rlangan yerlarda pollar maydoni 0,25-0,5 gektar atrofida olinib, 50-60 sm balandlikda marza tortiladi. Marzalar mustahkam bo‘lishi lozim. Aks holda, suv urib ketib, 20-25 foiz ortiqcha suv sarflanadi.
Yerlarning sho‘rini yuvishda dalaning boshidan pastki qismiga qarab, har bir pol o‘qariqlardan alohida suv ochib to‘ldiriladi, poldan-polga suv ochish mutlaqo mumkin emas. O‘rtacha va kuchli sho‘rlangan yerlarda har bir suv bostirilgandan so‘ng yengil tuproqlarda 2-3 kundan, mexanik tarkibi o‘rtacha tuproqlarda 5-6 va og‘ir tuproqlarda 7-8 kundan keyin yana 2 va 3 marta suv bostirish orqali yerlarning sho‘rini yuvish ishlari amalga oshiriladi.
Sho‘r yuvishning eng maqbul muddati 20-noyabrdan 10-fevralgacha hisoblanadi. Ushbu agrotexnik tadbirni tuproq harorati -7…-10 0S darajada past bo‘lmaganda amalga oshirish kerak.
Suv tanqisligi kuzatilgan yillarda tuproq sho‘rini yuvishda daryo suvini iqtisod qilish uchun zovur (zahkash) kollektor suvlaridan foydalanish mumkin. Kuchli sho‘rlangan yerlar sho‘r suv bilan yuvilganda shu suv konsentratsiyasiga yetguncha uni yuvish mumkin, keyinchalik sho‘rni kerakligicha yuvish uchun daryo suvidan foydalanish lozim.
Tuproq sho‘rini yuvish shu yerda hosil bo‘ladigan tuproqdagi suv konsentratsiyasiga bog‘liq. Masalan, tarkibida 3 g/l tuz tutgan suv bilan yuvilsa, tuproqda shu konsentratsiya hosil bo‘lganga qadar yuvilishi mumkin, keyinchalik esa daryo suvi bilan yuviladi. Shuning uchun sho‘r suvlar bilan kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan yerlarni yuvish ma’qul. Tuproq sho‘rini sho‘r suv bilan yuvishda daryo suviga nisbatan 1,5 marotabagacha ko‘proq suv sarflanadi. Sho‘r yuvishni, albatta, zahkash va kollektorlar yaxshi ishlaydigan holatda amalga oshirish kerak.
Dala maydonlarining tekisligi tuproq sho‘rini yuvishda katta ahamiyatga ega. Chunki, faqat tekis yerdagina sho‘rni yaxshi yuvish mumkin, aks holda tuzlar dalaning baland joylariga chiqib, to‘planib, ko‘chatlarini siyrak bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, dehqonchilikni yerlar melioratsiyasidan boshlash kerak. Birgina meliorativ holatni yaxshilash, hosildorlikni oshirishga imkon yaratadi.
Ta’kidlash lozimki, sho‘rlanmagan yerlarda hosilning 50 foizi o‘g‘itlarga bog‘liq bo‘lsa, sho‘rlangan yerda mineral o‘g‘itlarning ta’siri pastroq bo‘ladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: