O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida har yili 35 turga yaqin sabzavot va poliz ekinlari 45 ta navining birlamchi urug‘chiligi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishlar mahalliy foydalanuvchilar, ayniqsa, fermerlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida qayta ishlangan yuqori sifatli urug‘lik bilan ta’minlash uchun muhim hisoblanadi.
Yuqori sifatli urug‘likni to‘g‘ri ekish, qulay sharoitlarni yaratish sabzavot va poliz mahsulotlaridan mo‘l hosil olish garovi hisoblanadi.
Ko‘chatlarni sabzavot ekinlari uchun mo‘ljallangan maxsus sellofan qoplar (paketlar)da yoki kassetalarda yetishtirish darkor. Har bir bo‘lmacha tuproq bilan to‘ldirilganidan so‘ng bir urug‘ uchun 0,5 sm.gacha bo‘lgan chuqurlik hosil qilinadi.
Zamburug‘ sporalari va bakteriyalarni o‘ldirish uchun ekishdan oldin urug‘larning yuzasiga pestitsidlar bilan ishlov beriladi: quruq urug‘ dorilagichlar ekishdan 2-3 hafta oldin, suyuqlari – ekishdan oldin qo‘llaniladi. Issiqxonalarda ekish uchun faqat sog‘lom, rivojlangan ko‘chatlar tanlanadi.
Mahalliy navlarning birlamchi urug‘chiligi 4 ta laboratoriya, 6 ta ilmiy tajriba stansiyasi hamda Toshkent, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi 2 ta tajriba uchastkasida amalga oshiriladi.
Bugungi kunda Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida: sabzi (“Mshak”, “Nurli”, “Ziynatli”), piyoz (“Istiqbol”, “Sunbula”, “Ravnaq”), kashnich (“Orzu”), arpabodiyon (ukrop) (“Orom”), qovun (“Saxovat”, “Oltintepa”, “Dilxush”, “Oltin vodiy”), tarvuz (“Manzur”, “Qo‘ziboy”, “Sharq ne’mati”) , baqlajon (“Olmos”), bodring (“Navro‘z”, “O‘zbekiston-740”, “Zilol”), shuningdek, boshqa ekinlarning ayrim navlarini sotib olish mumkin.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlik huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: