Bugun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) bilan hamkorlikda «Yer kunini» nishonlash marosimini o‘tkazdi. Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) prorektori Alisher Xasanov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov, TDAU talabalari va hodimlari bilan birgalikda “Talabalarning ekologik tanlovi” g‘oliblarini taqdirlash va 2022-yilgi “Yer kunini” nishonlashga bag‘ishlangan daraxt ekish marosimida qatnashish maqsadida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum va USAID missiyasi direktori Mikayela Meredit TDAUga tashrif buyurishdi.
“Biz bugun dunyo aholisi qarshisida turgan ekologik muammolarning dolzarbligini taʼkidlash uchun bu yerga yig‘ildik. Aytib o‘tish joizki, biz iqlim o‘zgarishiga qarshi hozirdanoq harakat qilishimiz kerak va bu jarayonga yoshlarni jalb qilish juda muhim. TDAU O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun kelajak yetakchilarini tayyorlamoqda va bu yoshlar innovatsion yondashuvlar va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etuvchilari bo‘ladi”, – dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum.
2022-yil mart oyida USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi tomonidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va TDAU bilan hamkorlikda Butunjahon Yer kuniga bag‘ishlangan talabalarning ekologik loyihalari tanlovi eʼlon qilindi. Tanlov g‘oliblari- TDAUning dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatlash va standartlashtirish yo‘nalishida tahsil olayotgan Gulhayo Yaxshibekova, Nozima Abdusalomova va Shohrux To‘xtasinovlar TDAU talabalar shaharchasi atrofidagi daraxtlarni ro‘yxatga olish uchun “QR code“ tizimini joriy qilish loyihasini taklif qilishdi. Universitet hududida joylashgan daraxtlarini QR kod bilan belgilash, muayyan daraxt navlari haqidagi maʼlumotlarni yig‘ish va onlayn axborot bazasini yaratish orqali ularning himoyasini taʼminlaydi.
«Yer kunini nishonlash anʼanaga aylanib bormoqda, kelgusida Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu kabi tadbirlarga kengroq format bag‘ishlashni maqsad qilgan, masalan, ayni vaqtda poytaxtimiz markazida olimlar, tuproqshunoslar va boshqa mutaxassislar, shuningdek, hayotini tuproq va uning salohiyatini o‘rganishga bag‘ishlagan ilm-fan vakillari ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tmoqda, – deya taʼkidlab o‘tdi qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov. – Strategik hamkorimiz USAID tashkiloti bilan hamkorlikda AQSH elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirokida TDAUda bo‘lib o‘tayotgan bugungi tadbir katta auditoriyani qamrab olishga erishdi, yaʼni, tuproqdan oqilona foydalanish, saqlash va uning hosildorligi, samaradorligini oshirish masalalarini baxtli kelajakning omili, oziq-ovqat taʼminotining muhim elementi deb hisoblaydigan yoshlarni».
“Ayollar, yoshlar va boshqalarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish imkoniyatlarini kengaytirish iqlim inqirozini muvaffaqiyatli hal etishda muhim ahamiyatga ega” – dedi USAID missiyasi direktori Mikayela Meredit. “Tanlov doirasidagi raqobat talabalarga tanqidiy fikrlashiga turtki bergani va ularni ekologik barqaror yechimlar haqida o‘ylashga undaganidan xursandmiz. “Global fikrla, mahalliy harakat qil!” falsafasiga amal qilgan holda, ushbu amaliy yechimlar avvval universitet xududida, so‘ngra esa O‘zbekistondagi ekologik muammolarni hal qilishda butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishi mumkin”– deb qo‘shimcha qildi.
Tadbir doirasida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar AKIS markazi mutaxassislari markaz negizida yer va tuproq sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, tuproq bo‘yicha anʼanaviy laboratoriya tadqiqotlari va dronlar yordamida monitoring xizmatlari haqida maʼlumot berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: