Qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va uning shaffofligini oshirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
2022-yil 19-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 197-son qarori qabul qilingan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalari statistikasini raqamlashtirishni qo‘llab-quvatlash bo‘yicha idoralararo ishchi guruhini tashkil etish” to‘g‘risidagi qo‘shma qarorni qabul qildi.
“Ushbu qo‘shma qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad, qishloq xo‘jaligi sohasida maʼlumotlarni to‘plash, tahlil qilish, foydalanish bilan bog‘liq statistikaning ishonchliligi va haqqoniyligini taʼminlashdan iborat. Qaror doirasida raqamli va geoaxborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish, masʼul idoralarning axborot tizimlari va imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga qo‘llash kabi masalalar ko‘zda tutilmoqda – deya taʼkidlab o‘tdi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev. – Mazkur qarorda Yevropa Ittifoqining Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish dasturi takliflari ham inobatga olingan”.
Vazirlik, Qo‘mita va ASK Facility loyihasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tarkibi shakllantirildi. Qarorlar bo‘yicha xulosa va takliflarni tayyorlashda ochiqlik tamoyillari va jamoatchilik fikriga asoslanish bilan bir qatorda mazkur guruhning quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:
– agrosanoat tarmog‘i statistikasi, axborot va raqamlashtirish sohasida rejalashtirilgan loyihalarni baholash va tahlil qilish;
– agrosanoat sektori, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohacida yuqori sifatli va ishonchli statistik maʼlumotlarni shakllantirish, ularning shaffofligi va oshkoraligini taʼminlash;
– barcha manfaatdor davlat organlari, xususiy, nodavlat, xalqaro tashkilotlar o‘rtasida tezkor va strategik hamkorlikni rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash;
– xalqaro tajriba asosida agrosanoat sektori, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalari statistikasi metodologiyasini takomillashtirish borasida olib borilayotgan faoliyat samaradorligini oshirish;
– qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda hamkorlik qilish hamda jarayonda maʼlumotlar sifatini oshirish;
– tomonlarning axborot tizimlarini o‘zaro integratsiyalash orqali statistik va geoaxborot maʼlumotlari almashinuvini tashkil etish, ularni taqqoslash, tahlil qilish va aniqligini oshirish;
– ilg‘or xalqaro tajriba va yechimlarni qo‘llash bo‘yicha idoralararo tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish yuzasidan hamkorlik o‘rnatish.
Idoralararo ishchi guruh faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha masʼul vazir o‘rinbosari va rais o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: