Kuni kecha Qashqadaryo viloyatida urug‘lik don olish uchun ekilgan g‘alla maydonlarida dala aprobatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tgandi. Bugun esa ushbu tadbir Andijon viloyatining Andijon tumanida o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan seminarda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridan tashrif buyurgan 300 nafar soha vakillari qatnashishdi.
Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda voha hududlaridagi tajriba maydonlarida ekilgan g‘alla navlarining qurg‘oqchilikka, sho‘rga va garimselga chidamliligi e‘tiborga olingan bo‘lsa, Andijon viloyatidagi sinov maydonlarida yetishtirilayotgan g‘alla navlarining kasallik va hasharotlarga bardoshliligi, o‘rta va tezpisharligi ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida qatnashchilar Don va dukkakli ekinlar ilmiy – tadqiqot instituti tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkazilayotgan xorijiy va mahalliy navlar ekologik nav sinovi va birlamchi urug‘chilik tizimi bilan tanishishdi.
Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlarida boshoqli don ekinlari navlari va ularni hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib joylashtirish, urug‘lik maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish, yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘alla navlarini Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinash tartibi to‘g‘risida mutaxassislar ma‘ruzalari tinglandi.
Ko‘rgazamali seminarda taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
8-sentyabrdagi 546-son qaroriga asosan har bir hudud o‘z extiyojlari uchun urug‘lik don tayyorlashiga ruxsat berildi.
Buning natijasida 2021-yili respublikaning sug‘oriladigan maydonlarida gektaridan o‘rtacha 64,1 sentnerdan hosil olinib, jami 6 mln 656 ming tonna don yetishtirildi va 2022-yil hosili uchun 276 ming tonna sara urug‘lik don jamg‘arildi.
“2021-yil davomida qilingan mashaqqatli mehnat va katta xarajatlar evaziga yetishtirilgan g‘allani o‘z vaqtida o‘rib-yig‘ib olishni to‘g‘ri tashkil qilgan Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Xorazm va Namangan viloyatlarida o‘rtacha hosildorlik 65-70 sentnerga yetkazildi, – deya taʼkidlab o‘tdi qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev. – Ushbu hududlarda urug‘chilik tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi sababli shunday yuqori natijalarga erishildi”.
Bundan tashqari, urug‘lik g‘alla navlarini yangilash maqsadida, RFning P.P. Lukyanenko nomidagi Krasnodar Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutidan respublika xududidagi klaster korxonalari tomonidan 2375 tonna yuqori avlodli bug‘doy va tritikale urug‘ligi olib kelinib, 2022-yil hosili uchun 10 ming 800 gektar maydonlarga ekilib, parvarishlanmoqda.
Seminar yakunida o‘tgan yilda kuzgi boshoqli don ekinlari urug‘chiligida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham tahlil qilinib, viloyat, tuman bosh aprobatorlari va boshqa xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ushbu ko‘rgazmali seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-106-son qarorida urug‘liq don yetishtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish va kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlari maydonlarini, istiqbolli va ekishga tavsiya etilgan, davlat standartlari talablariga javob beradigan urug‘liklar bilan ta‘minlash maqsadida tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: aprobatsiya – bu navning haqiqiyligini, urug‘lik maqsadlariga yaroqliligini aniqlash maqsadida ekinlarni tekshirish.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: