Soya tibbiyotda o‘ta foydali, chorvachilikda hosildorlikni oshirishda samarali va qishloq xo‘jaligida hamkor ekin sifatida yetishtirish uchun qulay bo‘lgan o‘simlik hisoblanadi. Bugun respublikada soyachilikni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ziroatchilikning mazkur turini rivojlantirish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan o‘ta foydalidir. Bu, avvalo, aholi demografiyasi tufayli kundalik isteʼmol tovarlariga ortib borayotgan ehtiyojni kafolatli qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda qo‘l keladi.
Bu borada soyaning sifatli urug‘chiligini tashkil etish masalalariga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Bunga Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “G‘ALLAOROL OLTIN BOSHOQ EUX” MCHJ faoliyati yaqqol misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30 martdagi “Jizzax viloyatida soya, moyli va sabzavot ekinlari urug‘chiligini ilmiy asosda tashkil etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (03-03/1-1955-son) yig‘ilish bayonida ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda G‘allaorol tumanida soya va moyli ekinlar urug‘larini yetishtirish maqsadida “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM tasarrufida elita urug‘chilik xo‘jaligini tashkil etish hamda “Oltin boshoq” massividagi 26 ta konturdagi jami 512,1 gektar yer maydonlarini ajratish topshirig‘i berilgan edi.
Topshiriqqa asosan Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2022-yil 6-aprelda “G‘ALLAOROL OLTIN BOSHOQ EUX” masʼuliyati cheklangan jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yerni foydalanishga kiritish, soya va boshqa moyli ekinlar urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilgan yangi navlarni sinash, shuningdek, birlamchi urug‘chilikni tashkil etish maqsadida “G‘ALLAOROL OLTIN BOSHOQ EUX” MCHJga G‘allaorol tumani Oltinboshoq massividan 512,1 gektar yer maydoni ajratildi. Ushbu maydonlarning 357 gektariga Hosildor, To‘maris, Man-60, Ustoz, Baraka va Gavhar mahalliy soya navlarining yuqori avlodli super elita, elita urug‘liklari, 100 gektariga maxsar, 40 gektariga bahorgi arpa ekinlari ekildi. Ekinlarni sug‘orish uchun 5 ta artezian qudug‘i qazilib ishga tushirildi hamda 100 gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. G‘allaorol tumanida yetishtirilgan soya ekinidan olinishi kutilayotgan yuqori avlodli urug‘liklar, kelgusida Respublikadagi urug‘chilik bilan shug‘ullanadigan qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib beriladi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: