Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy- tadqiqot institutida yangi geografik axborot tizimlari (GIS) laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Laboratoriya BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘magida «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Yangi GIS-laboratoriyasi eng zamonaviy kompyuterlar, server (maʼlumotlar markazi), plotter (tuproq xaritalarini chop etish qurilmasi) va GPS jihozi bilan jihozlangan.
Ochilish marosimida mutaxassislar yangi laboratoriyaning ishlash prinsiplari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazishdi. Ilmiy xodimlar eng so‘nggi texnologiyalar asosida jihozlangan yangi laboratoriyaning imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Taʼkidlanishicha, tuproq dunyo biologik xilma-xilligining asosiy manbalaridan biri bo‘lib, isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatning 95 foizi aynan tuproqda yetishtiriladi. Bundan tashqari, quruqlikda yashovchi organizmlarning 40 foizdan ortig‘i o‘z hayotining u yoki bu bosqichida tuproq bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Tuproq salomatligini tiklash Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muhim hisoblanadi.
«Yangi GIS-laboratoriyasi bu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtiradi. Geoaxborot texnologiyalari yerlarning degradatsiya jarayonlarini baholash va xaritalash, tuproqlar holatini tahlil qilishning samarador va tezkor axborot tizimlarini yaratish, tuproq xaritalash ishlarini, anʼanaviy xaritalash usullarini zamonaviy kompyuterlashtirish, tadqiq etiladigan hudud to‘g‘risida tez va sifatli maʼlumot olish, geoaxborot texnologiyalarini qo‘llagan holda masofadan zondlash maʼlumotlariga ishlov berish orqali ko‘p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishda bir qator imkoniyatlar yaratadi hamda yer degradatsiyasini bartaraf yetish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi», deya taʼkidladi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
Taqdim etilgan GIS-laboratoriyasidan ilmiy, amaliy va tadqiqot maqsadlarida foydalaniladi. Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti vakillari FAOga ularning faoliyati uchun katta imkoniyatlar ochayotgan yangi inshoot yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: