O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 11-iyundagi 277-sonli “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om va Jomboy tumanlarida O‘zR qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev boshchiligida seminarlar tashkil etildi.
Tadbirda O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar milliy instituti, O‘zbekiston davlat yer tuzish ilmiy-loyihalash instituti, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Agroinspeksiya, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislari hamda klaster, fermer xo‘jaliklari va boshqa yer egalari rahbarlari qatnashishdi.
Seminarda sug‘oriladigan, lalmi va yaylov tuproqlarda kechadigan degradatsiya jarayonlari va ularning oldini olish, unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan agrotexnik, agromeliorativ tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar va tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvlar so‘nggida 2022-2025-yillarda yerlar degradatsiyasi jarayonlarini kamaytirish va oldini olish borasida soha xodimlari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: