Bugun, Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazmalar majmuasida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Samarqand viloyat hokimligi, Savdo-sanoat palatasi va O‘rmon ho‘jaligi davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan “Avicenna Heritage” – “Abu Ali ibn Sino merosi” deb nomlangan Dorivor o‘simliklar mahsulotlarining Birinchi xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev, Samarqand viloyati hokimi yordamchisi Nozir Ibragimov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Eshmuradov, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Farhodjon Toshpo‘latov va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alijon Mamakarimovlar ramziy lentalarni kesib ko‘rgazmaga rasman start berishdi.
Ko‘rgazmada dorivor o‘simliklarni yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi hamda dorivor o‘simliklar asosida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi 100 ga yaqin mahalliy tadbirkorlar, shuningdek, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, Sharq tabobati instituti vakillari va 80 ga yaqin tibbiyot xodimlari ishtirok etishmoqda.
Tadbirda taʼkidlanganidek, hozirgi kunda mamlakatimizda mahalliy floraga mansub 4,3 mingdan ortiq o‘simliklarning 750 ta turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 ta turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan, shundan 70 ta turi farmatsevtika sanoatida faol qo‘llanib kelinmoqda.
Endilikda tumanlar qizilmiya, zaʼfaron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, naʼmatak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha hududlar kesimida ixtisoslashtiriladi. Bunda, 2022-yildan 2026-yilgacha 36 000 gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi.
Yurtimizda dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashni yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash maqsadida Samarqand shahrida tashkil qilingan bugungi tadbir dorivor o‘simliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: