Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda “O‘zbekistonda oziq-ovqat yo‘qotilishi va oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha strategik yo‘l xaritasini shakllantirish” mavzusida seminar o‘tkazdi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligida bilim va tajribalarni tarqatish bo‘yicha mutaxassislar, milliy muassasalar va nodavlat tashkilotlar xodimlari, shuningdek, fermer tashkilotlari vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Seminar doirasida O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotishlari va oziq-ovqat chiqindilarini boshqarishga oid qonunchiligi tahlili, ushbu masalalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va daladagi o‘rganishlar natijalari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi, mahsulotlar yo‘qotilishining oldini olish va kamaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar bayon qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotilishi va isrofgarchiligining oldini olish va kamaytirish strategiyasi taqdimotiga ham katta e’tibor qaratildi.
“Strategik yo‘l xaritasi O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari barqarorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni eshiklarini ochadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Xalqaro moliya institutlari grantlari va loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ramin Gasanov.
Seminar “Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada oziq-ovqat yo‘qotilishi va oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyiha oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotilishi va isrofgarchilikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, oziq-ovqat tizimining fermerlardan to iste’molchilargacha bo‘lgan barcha sohalarini qamrab oladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: