Salatbarg parhez ko‘kat sabzavot bo‘lib, tarkibi С, E va K vitaminlari va mineral tuzlari, oqsil, uglevodlar va organik birikmalarga juda boy. Uni muntazam isteʼmol qilib borish qon bosimini pasaytirishda, ichak kasalliklari, oshqozon yarasini davolashda hamda buyrakdagi toshlarni maydalashda katta yordam beradi. Salatbarg shuningdek, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish uchun nihoyatda foydalidir.
Erta bahorda boshqa sabzavot ekinlari chiqmay turib, arzon narxda, kam mehnat va xarajat sarflagan holda aholiga servitamin salatbarg o‘simligini yetkazib berish mumkin. Bugun biz sizlarga salatbargni innovatsion yetishtirish usullaridan biri bo‘lgan issiqxonada suvli ekin usulida yetishtirish haqida maʼlumot beramiz.
Usulning afzalliklari
Suvli ekin usuli salatbarglarning tez o‘sishi va rivojlanishi uchun eng maqbul muhit (maqbul harorat va yorug‘lik, havoning nisbiy namligi)ni tashkil etishga imkon beradi. Suvli ekinda salatbarglarni yetishtirish eng qisqa vaqt ichida yuqori sifatli hosil olishni kafolatlaydi. Bu usulda tuproq sharoitida ochiq maydonlarda yoki issiqxonalarda yetishtirishga nisbatan kam mehnat talab etiladi. Oziqlantiruvchi moddalar avtomatlashtirilgan holda yetkazib berilib, begona o‘tlarga qarshi kurashish zaruriyatini butunlay yo‘q qiladi.
Suvli ekin usulining yana bir afzallik tomoni shundaki, o‘simlik ildizini rivojlantirishi uchun vaqt sarflamaydi, chunki o‘simlik oziq moddalarni suvdagi ozuqa muhitidan oladi. Bu esa o‘simlikni jadal ravishda rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Salatbargni tez-tez sug‘orib turishga hojat bo‘lmaydi. Ozuqa muhitining meʼyorini kuzatish va mineral moddalarni qo‘shish ishlari har 3-4 kunda amalga oshiriladi. Bu usul kasallik va zararkunandalar bilan bog‘liq ko‘plab muammolardan xalos bo‘lishga va yil davomida yuqori sifatli hosilni olishga imkon beradi. Suvli ekinda yetishtirilgan salatbargning taʼmi tuproq sharoitida yetishtirilgan barglardan birozgina farqlanishini ham hisobga olish zarur bo‘ladi.
Harorat va namlik
Ko‘chatxonada havo harorati +18-20 °C va nisbiy namligi 98-100% bo‘lishi zarur. Ko‘chat yetishtirish uchun torf aralashmalari solingan kassetalardan foydalaniladi. Unib chiqqandan so‘ng 2-3 kun o‘tib o‘simliklar asosiy ozuqa qatlamiga o‘tkaziladi. Qishda esa 10-14 kunlik ko‘chatlar ko‘chirib o‘tkaziladi.
Issiqxonada tungi havo harorati +16 °C, kunduzi esa +18-20 °C bo‘lishi lozim. Yozda salatbarg yetishtirilayotgan issiqxonalarni soyalatish zarur. Issiqxonada shamollatish tizimi eng asosiy ish beruvchi moslama hisoblanib, havo haroratini nazorat qilishga yordam beradi. Issiq kunlarda havo haroratini pasaytirishni eng yaxshi usuli bu ozuqa muhitining haroratini kamaytirish hisoblanadi. Bunda ozuqa muhitini harorati +20 °C dan yuqori bo‘lmasligi zarur. Suvdagi past harorat zamburug‘larning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: