Maʼlumki, quritilgan mevalarga dunyo bozorida talab yuqori. Chunki ushbu mevalar tarkibida barcha foydali mikro va makroelementlarni saqlab qolishi bilan qimmatbaho hisoblanadi. Shuning uchun ham quritilgan mevalar organik va tabiiy mahsulot sifatida qadrlanadi va yangi uzilgan mevaga qaraganda qimmatroq narxda sotiladi.
Mevalarni quritishda infraqizil, mikroto‘lqinli va anʼanaviy palatkali quritkichli texnikalardan va ochiq usulda quritishdan foydalaniladi. Ushbu usullar yordamida quritilgan mevalar bir yildan ortiq muddat davomida sifatini yo‘qotmasdan saqlanadi. Ular tarkibidagi barcha mineral va vitaminlar asl holicha saqlanib qoladi.
Chilonjiyda sukati. Ushbu o‘simlik mevasi shakar qiyomida qayta ishlanib, quritib isteʼmol qilingani ya’ni sukati noyob hisoblanadi. Mevalarni sukat holida tayyorlash uchun ular hali to‘liq pishib yetilmasidan terib olinadi. Darvoqe, sukat tayyorlashda eng sara mevalar tanlanadi. Yuqori sifatli sukat mahsulotini olish uchun chilonjiyda terib olinadi va mevalar terisi ignalarda tilinadi. Shundan so‘ng 65-70% shakar qiyomida 30-40 soniya qaynatiladi. So‘ngra unga limon kislota va vanilin qo‘shiladi. Pishgan mevalar qandni o‘ziga shimib olishi uchun idishning o‘zida 24-30 soatga qoldiriladi. Bu diffuziya davri deb yuritiladi. Undan keyin chovli bilan mevalar qiyomdan ajratib olinadi va quruq likoplarga bir qator qilib teriladi hamda oftobda quritiladi. Bu mevalarni sunʼiy usulda yaʼni quritkich asboblarda ham quritish mumkin.
Sukatlarga chang tushmasligi va hasharotlar to‘planmasligi uchun ularning ustiga doka yopib qo‘yiladi. Oftobda 7-12 kunda va sunʼiy usulda 20 soatda 400 daraja haroratda mahsulot tayyor bo‘ladi.
Sukat mahsulotining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bunda shakarlangan qiyomda mevalarni konservatsiyalash yaʼni uzoq muddat saqlash mumkin. Eʼtiborlisi, bu mahsulotni tayyorlashda kimyoviy qo‘shimchalardan foylanilmaydi va tabiiy foydali mahsulot hisoblanadi.
Madaniylashtirilgan chilonjiyda. Chilonjiyda mevasi dastlab bundan 4 ming yil avval Xitoyda o‘stirilgan. Undan keyin Hindiston, Afg‘oniston kabi davlatlarda ham uni madaniylashgan holda yetishtirishni boshlashgan. Respublikamizda сhilonjiydani XX asrning o‘rtalarida ekilgani maʼlum.
Chilonjiyda daraxti may oylarida gullab, hosilga kiradi. Avgust oylariga kelib, mevalari pisha boshlaydi. Uning bir to‘pidan 50-60 kilogrammgacha hosil olish mumkin. U respublikaning barcha viloyatlarida ekib, o‘stiriladi. Ayniqsa, Samarqand viloyatida boshqa hududlarga qaraganda keng tarqalgan.
Mevasi, guli va bargi ham foydali. Chilonjiydani o‘ta bardoshli o‘simliklar sirasiga kiritish mumkin. U qurg‘oqchilikka, issiqqa (+44 daraja) va sovuqqa (-30 daraja) chidamli bo‘lib, o‘sish uchun deyarli yer tanlamaydi. Chilonjiyda har yili hosil beradi. Uning mevalari tarkibida inson organizmi uchun kerakli bo‘lgan aksariyat vitamin va minerallar mavjud. Xususan, mevasi tarkibida 20-28% shakar, 0,3-2,5% kislota, 2,93%, oqsil, 1,73% quruq moddasi, C vitamini 500-600 mg%, P vitamini 3,5 mg%, A vitamini 0,7% bor.
Ushbu mevaning tarkibida rutin moddasi ko‘p miqdorda bo‘lib, qon bosimi oshgan kishilar (gipertoniklar) uchun juda foydalidir. Chunki bu vitamin organizmdagi qon tomirlarini kengaytirib, uning devorlarini mustahkamlaydi.
Rutin moddasi chilonjiydani faqat mevasida emas, balki bargida, gulida va po‘stlog‘ida ham bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: